28-aprel, seshanba kuni, Turkiy kengash mamlakatlari sog‘liqni saqlash vazirlarining videokonferensiya shaklidagi navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar bergan.
Xabarga ko‘ra, mazkur tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 10-aprel kuni videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammitidagi tashabbuslarini amalga oshirish doirasida tashkil etilgan.
Tomonlar COVID-19 tarqalishiga qarshi kurash, shu jumladan, yangi turdagi koronavirus infeksiyasini profilaktika qilish va davolash bo‘yicha ma’lumot va tajriba almashdi. Pandemiyaga qarshi kurashda sog‘liqni saqlash sohasida ko‘p tomonlama hamkorlikning boshqa jihatlari ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tadbir ishtirokchilariga koronavirus tarqalishi va uning oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekistonda olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi, deyiladi xabarda.
Izoh (0)