AQShning Texas shtatidagi auksionda Maykl Jeksonga tegishli Swarovski toshlari bilan bezatilgan oq qo‘lqop sotildi, deb yozadi The Sun.

Foto: The Sun

Xonandaning garderobidan olingan ushbu element 104 ming dollarga xarid qilindi. Xaridorning ismi oshkor qilinmayapti.

Xaridor, shuningdek, qo‘lqopning 1998-yilda UNICEF’ga sovg‘a qilingani haqidagi xatni ham qo‘lga kiritdi.

Aksessuar Maykl Jeksonning tashrif qog‘oziga aylanib ulgurgan edi. U sahnada qo‘shiq ijro etayotganida hamda kliplar suratga olish jarayonlarida ushbu qo‘lqopdan foydalangan.

Foto: The Sun

Intervyulardan birida Maykl Jekson ushbu bitta qo‘lqop bir juft qo‘lqopdan ham yaxshiroq ekanligini aytgan.

15 marta “Gremmi” mukofotini qo‘lga kiritgan Maykl Jekson 51 yoshga to‘lishiga ikki oy qolganida, 2009-yilda Los-Anjelesda vafot etgan.

Xonandaning o‘limiga propofol anestetikining me’yordan ko‘p qabul qilingani sabab bo‘lgani aytilgan.