Istaymizmi yo‘qmi, koronaxabarlar barcha axborot saytlarining bosh mavzusiga aylanib bo‘ldi. Shu bois navbatdagi dayjestimizda ham xabarlar koronavirus mavzusi atrofida aylanadi. Niqobni taqib va qo‘lni yuvib joylashib o‘tiring, xabarlarimizni boshladik.

O‘zbekiston tarixida birinchi marta harbiy xizmatga chaqiruv vaqtincha qoldirildi. Ushbu qaror koronavirus tarqalishi xavfini kamaytirish uchun qabul qilindi. “Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — virus tarqalishiga qarshi kurashish. Chaqiruv uchun nomzodlar tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, ularning yaqinlari marosimlar uchun yig‘ilishi mumkin. Shularni inobatga olib, chaqiruvni kechiktirish maqsadga muvofiq, deb topildi”, deb munosabat bildirgan Mudofaa vazirligi vakili.

* * *

Mamlakat boshiga sinov tushganda ulamolar musulmonlarni ogohlikka chorlab, tez-tez uyda o‘tirish va karantinga rioya qilishni tavsiya etib turibdi. Biroq bu davosiz dardni yo‘qotishlarsiz o‘tkazamiz, deyish juda soddalikdir. O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari koronavirusdan vafot etish holati bilan bog‘liq tegishli fatvolar va tibbiyot sohasi mutaxassislari bilan kengashgan holda koronavirus kasalligi mavjud bo‘lgan mayyitni dafn etish borasida qanday yo‘l tutilishini ma’lum qildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan o‘zaro maslahat asosida, karantin holatida mayyitni imkon qadar shariat ko‘rsatmalariga muvofiq yuvish, kafanlash va dafn qilishga harakat qilinadi. Bu jarayonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili ishtirok etadi. Shuningdek, marhumning eng yaqin qarindoshlari marosimda hozir bo‘ladi. Dafn marosimida ishtirok etuvchilar tibbiy ko‘rsatmalarga amal qilishi, jumladan, niqoblar va qo‘lqoplardan foydalanishi hamda marosimdan so‘ng karantin talablari asosida dezinfeksiya va shaxsiy gigiyena amallarini bajarishi lozim.

Foto: “Daryo”

Mazkur amallar farzi kifoya ma’nosidagi ishlar bo‘lib, ba’zi musulmonlar amalga oshirsa, qolganlaridan soqit bo‘ladi.

* * *

Virus tarqalishining oldini olish uchun kundan kunga choralar qat’iylashmoqda. 24-mart kuni Toshkent shahrini viloyatlar bilan bog‘lovchi barcha postlar yopildi. Ko‘p o‘tmay Namangan va Andijon shaharlariga olib kiruvchi yo‘llarda karantin postlari tashkil etildi. Ushbu postlarda transport vositalari dezinfeksiyalana boshlandi. Oradan 2-3 kun o‘tib, Samarqand va Buxoroga kirish va chiqish ham to‘xtatildi. Shu kuni Navoiy va Zarafshon ham transport uchun yopildi. Transport harakatini cheklash asta-sekin kichik shahar va tumanlarda ham joriy etila boshlandi. 30-martdan esa bir viloyatdan ikkinchi viloyatga o‘tishda, shuningdek, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlariga avtotransport vositalari kirish-chiqishi batamom to‘xtatiladi. Faqat belgilangan turdagi avtomobillar davlatning maxsus stikeri bilan harakatlanishiga ruxsat beriladi, deb yozdi Telegram’da tashkil qilingan “Koronavirus.info” kanali. Darvoqe, ikki hafta ichida ushbu kanal mushtariylari soni 1 million 200 mingdan oshdi.

* * *

O‘zbekiston Markaziy banki koronavirus infeksiyasining tarqalishi oqibatida qarzdorlarning kredit to‘lovlari bilan bog‘liq riskini yumshatish bo‘yicha qo‘shimcha choralar qabul qildi. Markaziy bank barcha kredit tashkilotlariga joriy qilingan karantin rejimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan qarzdor – jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning murojaatlariga asosan 2020-yil 1-oktabrga qadar kredit to‘lovlarini qaytarishda imtiyozli davr berish va mos ravishda yakuniy to‘lovlar muddatlarini uzaytirish hamda muddati o‘tgan qarzdorliklarni kechiktirilishida jarima sanksiyalarini qo‘llamaslik hamda undiruvni kredit ta’minotiga qaratmaslikni tavsiya qildi. Shuningdek, kredit tashkilotlariga yuqoridagi tavsiyalarga asosan shartlari qayta ko‘rib chiqilgan kreditlar sifatining tasnifini o‘zgartirmaslik huquqi berildi.

Ma’lumki, naqd pul virus tashuvchi asosiy vositalardan biri, balki eng faolidir. Markaziy bank shundan kelib chiqib, tijorat banklariga bank kassalariga kelib tushgan naqd pullarni kamida bir hafta muddatda pul omborxonalarida alohida (xonada yoki stellajlarda) saqlashni tavsiya qildi. Bu ham koronavirus tarqalishining oldini oladi.

* * *

26-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev koronavirus bo‘yicha O‘zbekiston xalqiga yana bir bor murojaat qilib, zarur ko‘rsatmalarni berib o‘tdi. Prezident nutqida karantin davrida insonlarning sog‘lig‘i va hayotini xavf ostiga qo‘yganlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishini alohida ta’kidladi.

Karantin amal qiladigan muddatda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obyektlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlar, epidemiologlarga har oyda qo‘shimcha 25 million so‘m, hamshira va laborantlarga 15 million so‘m, sanitar xodimlarga 10 million so‘m va boshqa xodimlarga 5 million so‘m rag‘batlantirish to‘lovlari berilishi, bundan tashqari, bemorlar bilan ishlash vaqtida koronavirus yuqtirib olgan tibbiyot xodimlariga 100 million so‘m miqdorida alohida to‘lov belgilanishi, ayniqsa shifokorlarni qo‘llab-quvvatlashning amaldagi isboti bo‘ldi.

Foto: Toshkent harbiy okrugi

Afsuski, karantinni pisand qilmasdan, odam to‘plab tadbir-marosim o‘tkazayotganlar haligacha uchrab turibdi. Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida yashvchi ayol Umradan qaytib, 120 kishilik katta marosim o‘tkazgan. Oqibatda uning oila a’zolaridan to‘rt kishida virus aniqlangan. Prezident buni ham nutqida eslab o‘tdi.

* * *

Xitoy o‘n kunda shifoxona qurgan bo‘lsa, O‘zbekiston besh kunda shifoxona qurib bitkazishga bel bog‘ladi. Shifoxona vagon-konteynerlardan qurildi. 27-mart kuni birinchi bo‘lib Toshkent viloyatidagi ushbu yangi shifoxonaga 650 nafar fuqaromiz joylashtirildi.

Bu qurilish sohasida o‘ziga xos rekord bo‘ldi. Bitta konteyner yasashga 6-7 soat vaqt sarflanadi. Konteynerlarning tom qismiga maxsus izolyatsiya materiali o‘rnatilgan bo‘lib, u konteyner ichida zarur mikroiqlimni yaratishga ko‘mak beradi. Shuningdek, ularning har biri hojatxona, dush va konditsioner bilan jihozlangan. Konteynerlar manzilga foydalanishga tayyor holatda yetkaziladi. Faqatgina televizorlar joyida o‘rnatiladi.

Ahamiyatlisi shundaki, konteynerlar turli maqsadlarda qo‘llanish uchun mos holda ishlab chiqarilmoqda hamda ular koronavirus infeksiyasi ustidan g‘alaba qozonilganidan keyin ham ishlatilishi mumkin. Shifoxona hududiga kirib-chiqayotgan har bir avtomobil ikkita maxsus mashina yordamida dezinfeksiya qilinyapti. Ishchilar esa teplovizorlarda tekshirilib, gigiyena vositalari bilan ta’minlanmoqda.

O‘zbekiston yana o‘nta shunday shifoxona qurib foydalanishga topshirishi rejalashtirilgan.

* * *

Afsuski, bu haftada mamlakatimizda koronavirusning birinchi qurboni ham kuzatildi. Namanganlik 72 yashar onaxon 27-mart kuni infarkt oqibatida dunyodan o‘tdi. Unga virus Turkiyadan qaytib karantinga olingan qizidan yuqqan ekan. Bemorda koronavirus belgilari 26-martgacha sezilmagani diqqatga sazovordir. Xo‘sh, ayol infarktdan ko‘z yumdimi yoki koronavirusdanmi? Bu borada yosh biolog olim Baxtiyor Sheraliyevning fikrini taqdim etamiz.

Xo‘sh, bu o‘limni koronavirus sabab yuzaga kelgan o‘lim deb malakalasak bo‘ladimi? Albatta. Chunki virusning o‘zidan hech kim o‘lmaydi. JSST ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirusdan vafot etayotganlarning aksariyatini ilgaridan yurak-qon tomir tizimida muammosi borlar va diabet bilan og‘riganlar tashkil etmoqda. Demak, bizda koronavirusdan birinchi o‘lim holati bor, buni yashirishga hojat yo‘q. Agar bu infaktdan vafot etdi, deydigan bo‘lsak, unda bizda hech qachon virusdan o‘lganlar bo‘lmaydi. Yuqorida aytganimdek, hech kim virusning o‘zidan o‘lmaydi, balki uning oqibatida kelib chiqadigan asoratlardan o‘ladi.

Keyinroq birinchi bemor bilan kontaktda bo‘lgan 39 yoshli shifokor ham vafot etdi.

Xabarni yakuniga yetkazayotganimizda O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 144 nafarga yetganidan xabar topdik.

Bu raqam yanada oshishi mumkin, biroq oshirmaslik o‘z qo‘limizdadir. Uyda qoling, qo‘lingizni muntazam sovunlab yuving, zaruratsiz jamoat joylariga chiqmang, odamlar bilan qo‘l berib ko‘rishmang, ijtimoiy masofani saqlang. Bozor va do‘konlarda tiqilinchlarni yuzaga keltirmang. O‘zingizda koronavirus alomatlarini sezsangiz, zudlik bilan shifokorni chaqiring va odamlardan uzoqlashing. Salomat bo‘ling.

Keling, dayjestimizni pozitiv ohangda yakunlaymiz. Davolanayotgan fuqarolarimizning yetti nafari tuzaldi. Bu jarayonda jonbozlik ko‘rsatgan shifokorlar taqdirlandi.