Hiv.plus saytida COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida Tayvan va Koreya muvaffaqiyati hamda Italiyaning ayanchli holati haqida kattagina maqola e’lon qilindi. “Daryo” maqolani ayrim o‘zgartirish va to‘ldirishlar bilan, tarjima tariqasida taqdim etadi.

Foto: Google Photos

Hozirda deyarli butun dunyoni qamrab olgan COVID-19 koronavirusi o‘tgan yil oxirida Xitoyda boshlangan edi. Shu kunlarda Xitoy davlati pandemiyani o‘z hududida yengayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Albatta, bu quvonarli hol. Lekin koronavirusni yenggan boshqa Xitoy ham bor. Qanaqasiga deysizmi? Quyida shu haqda bayon qilmoqchimiz.

Biz Xitoy deganda, birinchi navbatda yodga oladigan mamlakat — bu poytaxti Pekin bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) bo‘ladi. 1949-yildagi voqealardan keyin dunyoda Xitoy deb nomlangan mamlakat, aslida, ikkita bo‘lib qolganini ko‘pchilik uncha yaxshi bilmaydi. Ikkinchisini biz u joylashgan orol — Tayvan oroli nomi bilan atashga odatlanib qolganmiz.

Shunday qilib, Tayvan orolida joylashgan davlatning asl nomi ham Xitoy! Har holda ular o‘zlarini shunday deb nomlashadi va “haqiqiy Xitoy” ular o‘zi ekaniga da’vo qilishadi. Til va millat jihatidan ikkala davlatning farqi yo‘q. Faqat oroldagilar o‘zlarini Xitoy Respublikasi deb ataydi (xuddi Janubiy Koreyaning ham rasmiy nomi Koreya Respublikasi ekani singari).

Shunday qilib, COVID-19 pandemiyasi hali Xitoy va uzoq sharq tarafda lokal epidemiya ko‘rinishida bo‘lgan paytda, ya’ni yanvar o‘rtalarida Jons Xopkins universiteti tomonidan kompyuter modellashtirishi asosidagi Tayvan uchun qilingan epidemiya tarqalishi prognozi orolda alaloqibat epidemiya juda ayanchli oqibatlarga olib kelishini bashorat qilgan edi. Prognozga ko‘ra, Tayvan bugungi Eron kabi holatga tushishi va katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lishi taxmin qilingandi.

Haqiqatan ham, Tayvan shundoqqina Xitoyning biqinida bo‘lib, 23 millionlik aholi zichligi juda katta bo‘lgan orol davlat hisoblanadi. Oroldagi juda ko‘pchilik epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan Uxan shahriga borib faoliyat olib boradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tayvanliklarning 850 mingga yaqini Xitoyda yashab ishlaydi va yana 400 mingga yaqin aholi Xitoyga qatnab ishlaydi. Umumiy olganda, materikdagi Xitoy va oroldagi Xitoy o‘rtasidagi trafik yiliga 3 million kishini tashkil qiladi. Bunday yirik oqim bilan, albatta, Tayvanda tez orada epidemiya ayanchli ko‘rinishga kelishini kutish mumkin edi...

Foto: Google Photos

Lekin Jons Xopkins universitetidagi matematik modellashtirishga mas’ul mutaxassis, ayniqsa, Tayvan epidemiyaga qarshi turish borasida “tajribali mo‘ysafid” ekanini nazardan qochirgan ko‘rinadi. Qizig‘i shundaki, boshqa kim bo‘lsa ham mayli, lekin aynan Jons Xopkins universitetidagilarning bu borada yanglishishiga haqi yo‘q edi. Chunki 2016-yildan buyog‘iga Tayvanning vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritayotgan inson — Chen Szyanjen 1982-yilda aynan Jons Xopkinsda o‘zining doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Uning doktorlik ishi mavzusi nima bo‘lganini bilasizmi? Syurpriz! Tadamm! U “Epidemiologiya va inson genetikasi” mavzusida doktorlik ishi qilgan! Jahonning aksar mamlakatlarida gepatit B ga qarshi aholini emlash borasidagi amaliy ishlar boshlanishida Chen Szyanjenning tadqiqotlari katta ahamiyat kasb etgan, shuningdek, zaharli margimush moddasiga nisbatan xalqaro tibbiy standartlarning o‘zgarishiga ham u sababchi bo‘lgan.

Balki davlatning ikkinchi raqamli rahbari jahon miqyosida tan olingan epidemiolog vrach mutaxassis ekani Tayvanning eng katta yutug‘idir. Boz ustiga, Chen Szyanjen 2003—2005-yillarda sog‘liqni saqlash vaziri ham bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, o‘sha yillari boshqa bir turdagi koronavirus epidemiyasi sodir bo‘lgan edi va olim-vazir unga qarshi kurashish bilan ish boshlashiga to‘g‘ri keldi. O‘shanda ham Tayvanning epidemiya bilan uzoqqa borolmasligi haqida taxminlar yangragan edi.

Chen Szyanjen ishni aholida virusni aniqlash uchun yoppasiga skrining o‘tkazishdan boshladi hamda infeksiyaga chalinganlarni juda puxta tashkillangan izolyatsiyada davolash ishlari olib bordi. Materikdagi nomdosh qo‘shnisi bilan mavjud ziddiyatlar tufayli Tayvan Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ko‘magiga unchalik ham umid qilmasdan, faqat o‘z ichki imkoniyatlariga tayanib ish ko‘rishiga to‘g‘ri keldi. Natijada, 2003-yildagi epidemiyani ham Tayvan birinchilardan bo‘lib yengib chiqdi.

COVID-19 epidemiyasiga ham Tayvan 17 yil mobaynida tayyorgarlik ko‘rdi. Aytishlaricha, Chen Szyanjen va uning tibbiyot mutaxassislari jamoasi 2003-yildagi SARS infeksiyasi epidemiyasining shaklan o‘zgargan holdagi qachondir qaytishini faqat vaqt masalasi deb qaradi va unga zimdan tayyorgarlik ko‘rib bordi.

Foto: Google Photos

Jons Xopkinsning so‘nggi ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, Tayvanda COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 17-mart holatiga atigi 67 tani tashkil qildi va ulardan bir bemor vafot etdi. 22-mart holatiga ko‘ra esa bu ko‘rsatkich 153 tani tashkil qildi. Ulardan 28 tasi allaqachon tuzalib ketdi (vafot etganlar soni esa ikkitaga yetdi). Endi tasavvur qiling, Xitoy bilan kundalik o‘n minglab odam bordi-keldisi bo‘lgan va epidemiya o‘chog‘idan atiga 1000 km masofada joylashgan orol uchun bu juda yaxshi ko‘rsatkich.

Xo‘sh, buning siri nimada? Tayvan raqamli texnologiyalar davri bergan imkoniyatlardan maksimal foydalanmoqda. Buning uchun tibbiyot muassasalaridagi aholining tibbiy kartalari va kasalliklar tarixidan iborat ma’lumotlari bazasi mamlakatning bojxona va chegara nazorati ma’lumotlari bazasi bilan integratsiya qilindi hamda immigratsiya oqimi raqamli nazoratga olindi. Odamlarning harakat yo‘nalishi va ularning boshqa hududlarga qatnov tarixi shakllantirildi. Natijada juda katta axborot qamroviga ega big-data yuzaga keldi.

Sun’iy intellekt va mashinaviy o‘qitilish texnologiyalari asosida har bir aholi toifasi uchun yoshi, kasbi, jinsi va boshqa xususiyatlaridan kelib chiqib, real vaqt rejimida ishlaydigan xatarlarni prognoz va tahlil qilish sistemasi yaratildi. Bu sistema va ma’lumotlar bazasidan esa tegishli xizmatlar — bojxona, chegara va migratsiya idoralari va albatta tibbiyot muassasalari katta samaradorlikda foydalandi. Shuningdek, fuqarolar ham jarayonda faol ishtirok etib, jamiyatning jarayonga nisbatan ijobiy reaksiyasini yuzaga keltirdi. Har bir shubhali va gumonli holatlar bo‘yicha turli onlayn servislar va to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa telefonlari orqali tezkor shtabga ma’lumot yetkazib turildi.

Bu jarayon ko‘pchilik o‘ylaganidek, “qo‘shnini sotib qo‘yish” (ya’ni “sotqinlik”) singari salbiy kontekstda emas, balki kuchli ijtimoiy mas’uliyat tushunchasi ostida ro‘y bermoqda. Chunki, birinchidan, ko‘plab odamlar 2003-yildagi epidemiyadan to‘g‘ri xulosa chiqargan bo‘lsa, ikkinchidan, o‘tgan yillar mobaynida aholi orasida epidemiyaga qarshi kurash uchun kerakli tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi. Qolaversa, karantinga olingan odamlarning o‘zini va ularning oilasini kerakli ehtiyoj vositalari va oziq-ovqatlar bilan ta’minlash borasida ishonchli tizim yo‘lga qo‘yildi.

Xitoyda COVID-19 epidemiyasi avj ola boshlashi bilan Tayvanda unga qarshi kurashning o‘ziga xos yo‘lidan borildi. Birinchi navbatda, yalpi revers-test o‘tkazildi. Ya’ni barcha shifoxonalarga yaqin oylar ichida gripp yoki boshqa respirator kasalliklar bilan hamda o‘pkadagi muammolar bilan murojaat qilgan bemorlar zudlik bilan COVID-19 uchun qayta tekshiruvdan o‘tkazildi. Transport tizimi esa QR-kodli chipta sotish sistemasi orqali odamlarning yo‘nalishiga qarab, har bir shaxs uchun individual tarzda xatar darajasini prognoz qiladigan baholash tizimini yo‘lga qo‘ydi. Mamlakat karantin tadbirlariga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.

Foto: Google Photos

Tayvanda “boshqaruv markazi” tushunchasini yaxshi ko‘rishadi. Bu boshqa mamlakatlardagi “operativ shtab” tushunchasiga o‘xshash narsa bo‘lib, COVID-19 epidemiyasi boshlanishida ham mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi asosida Sog‘liqni saqlash milliy boshqaruv markazi (NHCC) tuzildi. Bunday tuzilmaga ehtiyoj borligi 2003-yildagi SARS koronavirusi infeksiyasidan keyin yuzaga chiqqan edi. NHCC 2004-yilda faoliyat boshladi.

NHCC bilan birgalikda bu safar Epidemik kasalliklarga qarshi kurashni boshqaruv markazi (CECC) ham tashkil qilindi va ularning kuchi birlashtirildi. Boshqaruv markazlari tarkibiga yana Kasallik qo‘zg‘atuvchi biologik mikroorganizmlarga qarshi kurash boshqaruv markazi, Bioterrorga qarshi kurash boshqaruv markazi hamda Tez tibbiy yordam bosh markazi ham birlashtirildi. Yuqorida ham aytilganidek, Tayvanda “boshqaruv markazi” tushunchasini juda yaxshi ko‘rishadi va ular orqali vaziyatni boshqarishni ham yaxshi uddalashadi.

Uxanda yangi turdagi koronavirus aniqlangani va u bemorlarda atipik pnevmoniyaga sabab bo‘layotgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lishi bilan, 31-dekabr sanasidayoq Tayvan sog‘liqni saqlash tizimining mansabdor shaxslari mazkur shaharga uchib keldi. Ular Uxandan Tayvanga yo‘l olgan har bir transport vositasini total nazoratga oldi va kasallikka chalingan bo‘lishi gumon qilingan shaxslarni o‘sha yerning o‘zida aniqlashga harakat boshlandi. Ya’ni bemorlarni epidemiya o‘chog‘ining o‘zidan aniqlash va o‘sha yerdayoq izolyatsiyaga olishga kirishildi.

Jarayonni CECC boshqaruv markazi operativ nazorat qilib, muvofiqlashtirib turdi. Sog‘liqni saqlash vaziri esa kundalik brifingni boshlab yubordi. Tafsilotlar mayda detallarigacha erinmay yoritildi va odamlarga o‘zini qanday tutish kerakligi, nimalarga rioya qilish zarurligi haqida uqtirishlar berila boshlandi. Kuchli ijtimoiy tushuntirish va targ‘ibot yo‘lga qo‘yildi.

Yaqin kunlarda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomalar shuni ko‘rsatmoqdaki, Tayvanda aholi hukumatning bu davrdagi xatti-harakatlaridan qoniqish hosil qilmoqda, ayniqsa, Sog‘liqni saqlash vazirligining reytingini odamlar yuqori baholamoqda. SSV 80 foiz ijobiy reyting ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan bo‘lsa, prezident va bosh vazir 70 foiz ijobiy ovoz oldi.

Foto: Google Photos

Bu bilan Tayvanning epidemiyaga qarshi kurashini butunlay bexato, benuqson kechmoqda deyish ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Biroq yuz bergan har bir xato yuzasidan aholining tanqidiy reaksiyasining OAV orqali oshkor yoritilishi, mansabdorlarning ham o‘ziga o‘zi tanqidiy yondoshuv bilan ishlashi natijasida xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, ularni tuzatishga urinishmoqda ham.

XXRning o‘zichi? Xitoy Uxanda qat’iy karantin choralarini 23-yanvarga kelib joriy qildi. Lekin bu paytda allaqachon butun mamlakat bo‘ylab infeksiya yoyila boshlagan edi. Retrospektiv tahlillarga ko‘ra, bu paytga kelib infeksiya yuqtirganlarning atigi 14 foizi aniqlangan xolos. Qolgan 86 foiz kasallar panada qolib ketgan.

Hammadan ham ayanchli zarbani Italiya qabul qilib oldi. Bu mamlakatda epidemiyaga hech qanday tayyorgarlik ko‘rilmagandek taassurot uyg‘onmoqda. Xuddiki, yong‘inni o‘chirishga hamma narsa boru, lekin yong‘inning oldini olish borasida hech qanaqa profilaktika ishlari qilinmagan. Xitoyda yanvarda epidemiya eng avj olgan paytda ularga qarab xulosa chiqarilmagan va vaqt boy berilgan.

Nafaqat Italiya, balki Yevropaning boshqa mamlakatlari bilan ham shunga o‘xshash holat kuzatilayotgani ayanchlidir. Ular 2003-yilgi SARS koronavirusi epidemiyasidan tegishli xulosa chiqarmadi... Endi ko‘rilayotgan choralarning samara berishi qiyin bo‘lyapti. Italiya epidemiyadan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha Xitoyni ham ortda qoldirdi. Bu borada hali pandemiyadan keyingi beriladigan tahlillar va hisobotlarda alohida achchiq so‘zlar bo‘ladi. Italiyaning mag‘lubiyati — boy berilgan vaqtdir.

Tayvandan tashqari, Janubiy Koreyani ham ijobiy misol tariqasida ko‘rsatish mumkin. Ularda ham boshida ish unchalik o‘ngidan kelmadi. Koreyslarning koronavirusga chalingan 31 bemori qo‘lida gugurt va benzin ko‘tarib yurib, hammayoqqa o‘t qo‘yib chiqdi, go‘yo. Birgina bemor ayolning o‘ylamasdan qilgan xatti-harakati Koreyadagi epidemiyaning eng boshida kasallar sonining portlash effekti bilan ko‘payishiga olib keldi va mamlakatda qayd qilingan COVID-19 infeksiyasiga yo‘liqqan bemorlarning deyarli yarmiga virus o‘sha ayoldan yuqqan bo‘lib chiqdi.

Uning xatti-harakatlari asosida mas’ullarning harakatsizligi ham yotadi. Shunga qaramay, Janubiy Koreya kasallikni nazoratga olish borasida yuqori darajadagi tashkiliy-texnik yondoshuv evaziga vaziyatni tezkor barqarorlashtirdi va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni ham katta muvaffaqiyat bilan amalga oshirdi. Koreyslar o‘tkazgan yoppasiga test qilish amaliyoti alohida e’tiborga molik.

17-mart holatiga ko‘ra, 50 milliondan ziyod aholiga ega bu mamlakatda 261 105 kishi COVID-19 ni aniqlashga oid testdan o‘tkazildi. Bu degani har bir million aholi jon boshiga 4 000 dona test o‘tkazildi demakdir. Natijada 9 808 nafar odamda infeksiya mavjudligi aniqlandi va ular tezkorlik bilan izolyatsiyaga olindi (Italiya esa bu borada o‘ta sust harakat qildi: ular jami bo‘lib 60 000 test o‘tkazdi. Lekin aholi jon boshiga hisoblaganda, har bir million aholi soni uchun 1 000 ta test atrofida chiqadi, xolos). Koreyada 1 400 dan ziyod bemor allaqachon sog‘ayib, uyiga javob berildi. Vaziyat hukumat tomonidan qat’iy nazoratga olindi va u ijobiy tomonga keskin o‘zgartirildi.