“Daryo” jahon matbuoti sharhi ruknining bu sonini koronavirusga bag‘ishlaydi. Koronavirus haqida nimalar yozilmoqda? Qayerda ahvol qanaqa? Dorini qachon kutaylik? Bu savollarga quyida javob topasiz.

Koronovirus borasida Janubiy Koreyadan o‘rnak oladigan jihatlar nimalardan iborat?

Butun dunyo koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashar ekan, Janubiy Koreyaning COVID–19 ga qarshi choralari o‘rnak bolishga loyiq, deb yozadi The Science nashri.

Haydovchilardan olinayotgan test tahlili.

Foto: Reuters

Pandemiya cho‘qqisiga chiqqan bir vaziyatda Janubiy Koreyada virus bilan zararlanganlar 909 tani tashkil etayotgan bir paytda, 17-mart sanasida esa kasallik bilan og‘riganlar soni bor-yog‘i 74 nafarni tashkil etdi. Bunga nimaning hisobiga erishildi?

Bugun COVID–19 virusining o‘chog‘iga aylangan Italiya, Ispaniya, Fransiya va Germaniyada virus bilan kasallangan va vafot etganlar soni keskin oshayotgani kuzatilmoqda. Shu sababdan mazkur davlatlar o‘z chegaralarini yopayotgan bir davrda AQShda virusdan zararlanganlar sonini ham taxmin qilish mumkin.

50 million aholiga ega bo‘lgan Janubiy Koreyada koronavirusning tarqalishini oldini olish borasida erishilgan yutuqlar e’tirofga sazovor va boshqa mamlakatlar uchun o‘rnak olishga molik. Xitoydan farqli ravishda Janubiy Koreyada butun bir shaharlarni karantinga olish tajribasi kuzatilmadi. Koreya universiteti yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis Kim U Chu Janubiy Koreya demokratik davlat bo‘lgani bois ham shahar va qishloqlarni izolyatsiyaga olish uchun choralar ko‘rmadi. Shu ma’noda Janubiy Koreya tajribasi virusning tarqalishini oldini olish uchun boshqa davlatlarga o‘rnak bo‘lishi kerak.

Janubiy Koreya tibbiyoti virusga chalinganlarni mamlakat miqyosida yaxshi tashkil etilgan testdan o‘tkazish, kasallanganlarni izolyatsiyga olish va kasallanganlar bilan aloqada bo‘lganlarni ham karantinga yuborish choralari bilan muvaffaqiyatga erishdi. Janubiy Koreya 270 mingdan ortiq vatandoshlaridan test oldi. Bu esa har bir million odamga 5 200 test to‘g‘ri keldi degani.

Sidneydagi Yangi Janubiy Uels universiteti professori Rayna Makintayr Janubiy Koreyadagi virusga qarshi kurashda mamlakat miqyosida olib borilgan virusni aniqlash borasidagi testlarni yaxshi tashkillanganini e’tirof etar ekan, bu hattoki AQSh va Bahrayn davlatlaridagidan ham yaxshi yo‘lga qo‘yilganini aytdi.

Hozirda Janubiy Koreya hukumati asosan e’tiborni COVID–19 ning o‘chog‘i bo‘lgan Iso Masih Sinchxonji cherkoviga  qaratgani kelajakda qanday natijalar berishi bilan asoslanmoqda. Janubiy Koreya hukumatining virus yoyilgan boshqa viloyatlarga e’tiborini susaytirgani mamlakatda pandemiya yana yoyilishi xavotirlarini ham yuzaga chiqarishi mumkin.

O‘tgan haftadan boshlab Seul va unga yaqin atrofda joylashgan tumanlarda virusning yangi 129 o‘chog‘i aniqlanishiga olib keldi. Bu hududlarda esa taxminan 23 million aholi istiqomat qilishi e’tiborga olinsa, Janubiy Koreyani virusga qarshi kurashishda yangi “janglar” kutib turibdi.

MERS respirator virusidan olingan saboq

2015-yilda yaqin sharqqa uyushtirilgan safar natijasida MERS virusiga chalinishi oqibatida bir janubiy koreyalik tadbirkor nazoratga olingan, uni uchta tibbiyot muassasasida tahlildan o‘tkazishgan va MERS virusi aniqlangani ortidan karantinga joylashtirishgan edi. Bu paytga kelib u infeksiyasini 186 koreyalik vatandoshiga yuqtirgan hamda ulardan 86 nafari hayot bilan vidolashgan edi. Shunday bir vaziyatda Janubiy Koreya hukumati 17 ming vatandoshini karantinga o‘tkazgan va yuqumli dardning oldini olish uchun ikki oy vaqt sarflagan. Epidemiyaning oldini olish mamlakatda qo‘rquv paydo qilishi natijasida mamlakat iqtisodiyoti jiddiy zarar ham ko‘rgan edi.

Bu esa Janubiy Koreya hukumatiga shunday vaziyatda qanday harakat qilish borasida katta saboq bo‘ldi, mamlakat o‘z yuqumli kasalliklar profilaktikasi tizimini tubdan isloh qilishga diqqat qaratdi.  Rasmiy manbalarga ko‘ra, tibbiyot xodimlari orasida COVID–19  bilan kasallanganlar  aniqlanmadi.

Koreyalik epedimiolog Chxon Pen Chxul fikricha, kasallanganlarning miqdorini, jinsini, kasallik o‘chog‘i bilan aloqasini aniqlash virusning oldini olishda yetarli emas.

Chunki MERS katta saboq bergan edi. Yuqumli kasalliklar borasida maxsus qonun qabul qilindi va qonunga muvofiq kasallangan shaxslarning mobil telefonlari, kredit kartalari, boshqa axborot tashuvchi buyumlari olib qo‘yilishi mumkinligi qonuniy tusga kiritdi. Bu amaliyot esa kasalning ijtimoiy tarmoqlardagi postlari orqali qayerlarda bo‘lish imkonini, boshqa zararlanganlar bilan hayot yo‘llari kesishganmi yoki yo‘q aniqlashga yordam berdi.

Virus tarqalgani e’lon qilingan 7-fevral sanasida Janubiy Koreya hukumati allaqachon aholiga koronavirus tashxisini aniqlashga yordam beradigan testlar sotuvga chiqarishga ulgurgan edi. Shu tariqa 11 kun o‘tib Degudagi Sinchxonju cherkovida 61 yoshli sekta a’zosi koronavirusga chalingani aniqlandi. Keyingi 12 kun mobaynida virus bilan zararlanganlikning yangi 2 900 holati qayd etildi va bu, asosan, Degudagi cherkov izdoshlari orasida yoyildi. Keyin esa boshqa viloyatlarda virus bilan zararlanganlarning yana 900 ta holati qayd etildi. Bu Uxandan keyin Osiyodagi Janubiy Koreyada tarqalgan koronavirusning eng yirik hajmdagi tarqalish o‘chog‘i edi.

Janubiy Koreya hukumati kasallik tarqalishi ortidan kasallanganlarni toifalashtirdi. Birinchi o‘rinda virus alomatlari bor shaxslar maxsus tibbiyot bo‘limlariga joylashtirildi. O‘rtacha vaziyatdagi kasallanganlar davlat ajratgan maxsus binolarga yuborildi. Ular bu yerda kerakli tibbiy muolajani davom ettirdi. Sog‘ayib ketgan va ikki marta analiz natijalari salbiy chiqqanlarga esa uylariga ketishga ruxsat berildi.

Kasallanganlar bilan bevosita aloqada bo‘lganlar va virusning nisbatan kam ta’sir qilgan shaxslar uylariga ketishiga va u yerda ikki haftalik karantinda bo‘lishiga imkon berildi. Bu orada uylarida karantinda bo‘lgan vatandoshlar muntazam ravishda tibbiyot xodimlari nazoratida bo‘ldi. Uylarida bo‘la turib, karantin tartib qoidasini buzganlarga 3 million vona (2 500 dollar) jarimasi qo‘llanildi. Yangi qonunchillika ko‘ra, karantin tartibini buzadiganlar 10 million vona miqdorida jarimaga tortilishi yoki bir yil qamoq jazosiga mahkum qilinishi ko‘zda tutilgan.

Bugun Janubiy Koreyada kasallanishning yangi holatlari aniqlanishi kamayib borayotgan bo‘lsa-da, hukumat o‘z vatandoshlariga niqob taqish, qo‘llarni yaxshilab yuvish, cherkovga qatnamaslik, uyda turib ishlash, ommaviy tadbirlarda qatnashmaslik va uyda 3–4 kunda kasallik alomatlarini nazorat qilishni tavsiya etmoqda.

Bugunda Janubiy Koreyada kasallikni mashinadan tushmasdan tashxis qiladigan 43 ta markaz ishlamoqda. Bu esa har kuni 15 mingdan ziyod koronovirus tahlillari yuritilmoqda degani. Janubiy Koreyadan o‘rnak olgan holda AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya davlatlari ham mazkur ishni boshlab yubordi. Ichki ishlar vazirligi esa maxsus mobil ilova yordamida karantinga olingan insonlar ustidan nazorat o‘rnatdi.

Janubiy koreyalik olimlar kasallikning ilk davrlarida tashxisni aniqlash borasida hali qilinadigan ishlar bor, bu esa virusning ijobiy davolanishiga katta yordam berishiga umiq qilmoqda.

Yapon olimlarining COVID–19 ga qarshi malhami samaralimi?

Xitoy sog‘liqni saqlash xodimlari yapon tibbiyot olimlari yaratgan dori – favipiravir koronavirusga qarshi kurashda yaxshi natija bergani, bu dori vositasi koronavirus bilan kasallanganlarni sog‘ayishini 11 kundan to‘rt kungacha qisqartirishi mumkinligi haqida ma’lumot berdi, deb yozadi The Guardian nashri.

Xitoy rasmiylari bergan bayonot natijasida  favipiravir malhamini yaratgan Fujifilm Toyama Chemical kompaniyasi aksiyalari qimmatladi. Yapon matbuotida olimlarning koronavirus bilan kasallanganlarda favipiravir dori vositasining qo‘llanilishi grippning yangi shtammlarini davolashda samara bergani haqida xabar qildi.

Bemorlarga Shenchjenda berilgan malham 4 kun mobaynida salbiy natija berdi.

Foto: AP

Xitoy fan va texnika vazirligi vakili Chjan Sinmin Fujifilm kompaniyasining favipiravir malhami Uxan va Shenchjenda 340 koronavirus bilan og‘rigan bemorlarda tatbiq etilganda ijobiy natija bergani haqida ma’lum qildi.

Shenchjenda mazkur dori vositasi qo‘llanilgandan keyin to‘rt kun ichida koronavirus bilan og‘rigan bemorlar ahvoli musbat natija bergan. Bundan tashqari rentgen tahlillari 91 foiz bemorda o‘pka faoliyatining yaxshilanganini ko‘rsatgan. Bu esa boshqa preparatlarni qabul qilgan 62 foiz bemor natijalariga solishtirganda ijobiy natija, deydi xitoylik tibbiyot vazirligi vakili.

Fujifilm avvalroq 2014-yilda avigan nomi ostida mazkur preparat yaratilganini aytgan bo‘lsa-da, boshqa izohlarni keltirmadi. Ammo Xitoy rasmiylarining bayonotidan so‘ng yapon kompaniyasining aksiyalari sezilarli ravishda oshdi. Yapon olimlari ham koronavirusga chalingan bemorlarni da’volashga e’tibor berayotgan bo‘lsa-da, ularning nazarida mazkur preparat koronavirusning og‘ir kechishi kuzatilayotgan bemorlarda samara bermayotganini ta’kidlamoqda.

Yapon tibbiyot xodimlarining e’tirof etishicha, mazkur tibbiy malham avvalroq VICh infeksiyasiga qarshi antiretrovirus malham sifatida lopinavir va ritonavir bilan birgalikda qo‘llanilgan, hattoki favipiravir Gvineyada avj olgan Ebola infeksiyasiga qarshi kurashda malham sifatida yetkazib berilgan.

Favipiravir COVID–19 ga qarshi preparat sifatida qo‘llanilishi uchun hukumatning ham roziligi berilishi kerak, chunki bu malham avvalroq grippga qarshi malham sifatida tavsiya etilgan edi.

Sog‘liqni saqlash xodimi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur preparat shu yilning may oyida hukumatning COVID–19 ga qarshi ishlatilishi mumkin degan tavsiyasini olishi mumkin. Preparatning klinik natijalari ortga suriladigan bo‘lsa, hukumatning bu preparatni koronavirusga nisbatan qo‘llanilishi mumkinligi borasidagi ruxsati ham ortga surilishi mumkin.

Virus bilan zararlanganlar soni esa tobora ko‘payib bormoqda. Ayrim olimlar COVID–19 ga qarshi tibbiy preparat 2021-yilning may oylarida ishlab chiqarilishini ta’kidlamoqda.

Butun dunyo koronavirusga qarshi kurashda Xitoydan nimalarni o‘rganishi lozim?

Buyuk Britaniyaning The Nature nashri Xitoy virusni yo‘q qilish uchun emas, aksincha, uning keng miqyosda yoyilishini oldini olish borasida keskin choralar ko‘rgani haqida yozadi. Xitoy hukumati virus yoyilishini oldini olish uchun misli ko‘rilmagan darajada ehtiyot choralarini qo‘lladi. Bu choralar virus episentri bo‘lgan Uxan shahri va 60 million aholi istiqomat qiladigan Xubey viloyatining boshqa 15 shaharlari bilan transport aloqasini uzib qo‘yish, avia parvozlarni bekor qilish, temiryo‘l hamda avto qatnovlarni to‘xtatishni o‘z ichiga oldi.

Ijtimoiy muhofazalanish virusning tarqalishiga to'siq.

Foto: Google Photos

Hukumat izolyatsiyaga olingan shaharlar aholisiga favqulodda holatlarda – oziq-ovqat olish uchun ko‘chaga chqishni tavsiya qildi. The New York Times nashri ma’lumotlariga ko‘ra, epidemiya boshlangan vaqtda 760 million aholi – bu qariyb Xitoy aholisning yarmi deganidir – izolyatsiyaga olindi.

Bu voqealardan ikki oy o‘tgan bo‘lsa-da, hamon Xitoyda izolyatsiya holati saqlanib turibdi. Shunga qaramasdan har kuni o‘nlab virus bilan kasallanganlar aniqlanmoqda. Harholda bu raqamlar epidemiya boshlangan davrdagi minglab odamlarning zararlanishidan ancha kam. Minnesota universiteti yuqumli kasalliklar boyicha olim Maykl Osterxol Xitoy tatbiq qilgan keskin choralar virusga qarshi kurashda muvaffaqiyatli bo‘lganini ta’kidlaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa misli ko‘rilmagan choralari orqali Xitoy kasallanganlarning miqdori ko‘payishini oldini olishga muvaffaq bo‘lgani bilan tabrikladi.

Bugun koronavirus pandemiyasi butun dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etar ekan, dunyo hamjamiyati qanday choralar virusning oldini olishga yordam berishini bilishga haqli.

Keskin choralar qabul qilingungacha har bir kasallangan odam ikki yoki undan ortiq odam virusni yuqtirib ulgurgan, bu esa virus yuqqanlar sonini oshira boshlagan. Natijada, 500 milliondan ortiq odamning SARS-CoV2 virusi bilan zararlanishi ehtimolini yuzaga keltirishi mumkin. Ammo 16 va 30-yanvar orasida qabul qilingan choralar natijasida virus bilan zararlanish miqdori 1,05 tagacha kamayadi. 16-mart sanasiga kelib 81 ming xitoylik Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra virus bilan zararlangan edi.

Ammo ayrim olimlar nazarida kasallik bilan ko‘p holatlar aniqlanmagan bo‘lishi mumkin. Buning birinchi sababi virus alomatlari og‘ir kechmagan va kasallangan odamlar tibbiy yordamga murojaat qilmagan. Ikkinchi sababi esa kasallikni aniqlash bo‘yicha testlar o‘tkazilmagan. Oksford universitetining epidemiologi Kristofer Day nazarida bu vaqtda Xitoy hukumati tatbiq qilgan choralar samara bera boshlagan. Kasallik bilan og‘rigan bemorlar soni o‘sishda davom etgan bo‘lsa-da, choralar natijasida kasallikni ma’lum hududda ushlab turish imkonini bergan.

Xitoy ko‘rgan choralar yanada samaraliroq bo‘lishi mumkin edimi?

Epidemiologlar nazarida, ulkan miqyosda o‘tkazilgan kasallikka qarshi chora-tadbirlar borasida Xitoy kech qolib harakat qila boshladi. En Arbordagi Michigan universiteti tadqiqotchisi Govard Markel nazarida Uxan shahri hokimiyati noma’lum virus bilan bog‘liq holatlarni yashirgan va o‘z vaqtida bu haqida xabar bermagan. Natijada esa virus butun dunyoga tarqab ketishga sabab bo‘lgan. Sautgempton universiteti olimlari olib borgan kasallikka chalinishning imitatsion modeli natijalariga ko‘ra, agarda Xitoy rahbariyati virusning tarqalishini oldini olishga bir hafta avvalroq kirishganida mamlakatdagi zararlanishning 67 foizini oldini olishi mumkin bo‘lardi. Uch hafta ertaroq boshlangan tadbirlar kasallanish umumiy miqdorining 5 foizining oldini olardi.

Xitoy safarlarga qo‘ygan taqiq chindan natija berdimi?

Ko‘plab tadqiqot natijalariga ko‘ra, Xitoy hukumatining Xubey viloyatidan chiqish va unga kirishga qo‘ygan ta’qiqlari: xoh u havo yo‘llari orqali, xoh temiryo‘l , xoh yengil avtomashina bo‘lsin, virusning oldini olishga to‘siq bo‘ldi, ammo uzoq muddatga emas.

The Science jurnalida chop etilgan tadqiqotlarda italiyalik, xitoylik va amerikalik olimlar Uxanni izolyatsiyaga olinishi virusning Xitoyning boshqa shaharlariga tarqalishini bor yog‘i to‘rt kungagina kechiktirgan bo‘lsa, virusning boshqa mamlakatlarga yoyilishini 2–3 haftaga kechiktirganini aniqladi. Olimlar nazarida qatnovlarni cheklagan holatda qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmasa, virusning tarqalishini olishda sezilarli natija bermasligini e’tirof etmoqda.

Baltimordagi Jon Xopkins universiteti epidemiologi Jastin Lesler nazarida, hukumatlar o‘z vatandoshlarining ishonchini qozonib, so‘ng safarlarga taqiq o‘rnatilsagina, bu virus tarqalishini oldini olishi mumkinligini aytdi. Boshqa holatlarda odamlar yolg‘on gapirishga yoki taqiqni chetlab o‘tishga urinadiki, bu harakatlarni samarasiz qiladi.

Yevropa, Amerika, Afrika va Osiyoning ko‘plab davlatlarida bugungi kunda safarlarga taqiq qo‘yilmoda. Shunga qaramasdan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti infeksiyaning yuqishida bu ko‘p ham samara bermayotganini va boshqa samarali usullar tatbiq qilinishidan chalg‘itayotgani haqida ogohlantirmoqda.  Shuningdek, bunday taqiqlar yordam ko‘rsatish, texnik qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda mamlakatlarning sanoatiga ham zarar keltirmoqda.

Kasallik bilan kurashayotgan mamlakatlar bundan qanday saboq olishlari kerak?

Teytem va Ley tahllllariga ko‘ra, infeksiyani ertaroq aniqlash, Xitoydagi kabi infeksiya o‘chog‘ini izolyatsiya qilish, xalqaro safarlarga taqiq qo‘yish kabi mutanosiblikda olib borilgan tadbirlargina infeksiyaning tarqalishini kamaytirishi mumkin. Agar bunday tadbirlar qo‘llanilmaganda edi, fevral oyi oxirlariga borib 8 million odam virusga chalinishi mumkin edi.

Erta tashxis Singapur misolida yaxshi natija berdi. Singapur Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi Vernona Li so‘zlariga ko‘ra, infeksion kasalliklarga qarshi kurashuvchi guruh “noma’lum pnevmoniya” bilan og‘rigan bemorlar shaxsini aniqlash, ularni izolyatsiyaga olish va ularning muloqot doiralarini tezkorlik bilan aniqlash ijobiy natija bermoqda. Singapurda bugunda COVID–19 virusi aniqlangan 250 ta holat mavjud bo‘lsa-da, Singapur hukumati Xitoydagi kabi keskin choralarni qo‘llamadi. Ayrim umumxalq tadbirlari bekor qilindi, COVID–19 bilan kasallangan bemorlar karantinga olindi va aholi o‘rtasida skrining olib borilmoqda.

Xitoyda maktablarning karantinga yopilgani natija bergani noma’lum. Bolalar ham infeksiya yuqtirib olishga moyil, ammo hozircha bolalar virus tashuvchimi yoki yo‘q aniqlangani yo‘q. Agarda aniqlansa, maktablarning karantinga yopilgani kasallikni tarqalishini oldini olish borasida samarali bo‘lgan bo‘lar edi.

Bugun Xitoyda sog‘lomlashish jarayoni boshlanganmi?

Xitoyda COVID–19 virusi bilan kasallanish darajasi ancha kamaygan, ammo hukumat virusni oldini olish borasidagi amaliyotini yumshatadigan bo‘lsa, virusning tarqalishi yanada avjiga chiqishi mumkin. Bundan tashqari Xitoyga virus endi xorijdan kirib kelishi ham mumkin. Xitoydagi chora-tadbirlar ko‘plab odamlarning infeksiyasiga immuniteti yo‘q odamlarni chalinishini oldini olib, ularni himoya qildi.

Ko‘rinib turibdiki, Xitoy virusni butkul yo‘qotmadi, aksincha, tarqalishining oldini oldi. Xitoy insonlarning harakatlanishiga taqiq qo‘yib, ijobiy qanday natijalarga erishdi yoki erishmadi batafsil tahlil qilish uchun yana ikki oy vaqt kerak. Bugun Xitoyda taqiqlarni bekor qilish borasida qizg‘in munozaralar boshlangan, agarda bu taqiqlar bekor qilinadigan bo‘lsa, virus tarqalishining ikkinchi to‘lqini boshlanishi mumkin.

Kasallik tarqalishining oldini olish, avvalo, hukumatlar taqiqlariga emas, insonlarning shaxsiy javobgarligi va gigiyena talablariga qay darajada rioya qilayotganligiga ko‘proq bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Jahongir Ergashev tayyorladi.