O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi “regulation.gov.uz” portaliga “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhomakamaga qo‘yildi.

Foto: “Daryo”

Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan 607-I-sonli qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 212-moddasining birinchi qismidagi “nikohlanuvchi shaxslardan birining yashash joyidagi” degan so‘zlar “respublikaning istalgan hududidagi” degan so‘zlar bilan almashtirilishi;

O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 21-aprelda qabul qilingan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonuni 14-moddasi uchinchi qismidagi “joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi” degan so‘zlardan keyin “Davlat xizmatlari markazlari egallab turgan binolar va hududlar bundan mustasno” degan so‘zlar bilan to‘ldirilishi;

O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 8-yanvarda qabul qilingan “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonuni 40-moddasining uchinchi qismidagi “yoki” degan so‘z “hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorda” degan so‘zlar bilan almashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaning 4-moddasida hukumat qarorlarini ushbu qonunga muvofiqlashtish, davlat boshqaruvi organlari ushbu qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini hamda qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga topshiriladi. Loyiha tasdiqdan o‘tgach qonun Prezident tomonidan imzolanganidan keyin e’lon qilinganidan boshlab kuchga kirishi belgilangan.