O‘zbekistonda karantin sharoitida uyda yoki izolyatsiyada bo‘lganlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Indiyskoye kino”, “Dom Kino”, “Disney”, “Euronews” va “Discovery channel” telekanallari ochiq rejimda efirga uzatiladi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur telekanallarning ochiq rejimdagi namoyishi Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasi topshirig‘iga muvofiq amalga oshiriladi va mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror holatga kelgunga qadar davom etadi.

Ushbu telekanallar foydalanuvchining qurilmasi ro‘yxatida mavjud bo‘lmasa, qurilmadagi “avtoqidiruv” funksiyasidan foydalanib, ularni topish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, karantin davrida uyda o‘tirgan maktab o‘quvchilari uchun teledarslar tayyorlanmoqda, internet va telefon aloqasi uchun to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganda, ular o‘chirib qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, BeelineMobiuz, Uzonline va Uzmobile o‘z abonentlariga koronavirusning tarqalishi haqida tezkor va rasmiy ma’lumotlarni olishi uchun “Daryo” va boshqa saytlarga bepul kirish imkoniyatini taqdim etgan.