Mobiuz mobil aloqa operatori ham koronavirus pandemiyasi sabab bir nechta yangiliklar saytlari, jumladan, “Daryo”ga kirishda hisobdagi mablag‘ yoki megabaytlar internet-trafikdan sarflanmaydigan qilib qo‘ydi. Xususan, 7 ta yangiliklar sayti va O‘zbekistondagi bir nechta axborot-ma’rifiy resurslarga kirish bepul bo‘ldi.

Foto: Mobiuz

Mobiuz 1-mayga qadar quyidagi yangiliklar saytidagi ma’lumotlar va xabarlar bilan tanishgan abonentlar hisobidan yoki internet trafikdan mablag‘ olmaydi:

  • “Daryo.uz”;
  • “Kun.uz”;
  • “Podrobno.uz”;
  • “Uznews.uz”;
  • “Uzreport.news”;
  • “Xabar.uz”;
  • “Gazeta.uz”.

“Bu orqali Mobiuz abonentlari koronavirus bo‘yicha yangiliklardan va joylashtirilayotgan tahliliy ma’lumotlardan yanada kengroq xabar topadi, degan umiddamiz. Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari koronavirus mavzusini keng yoritmoqda, axborot-tahliliy materiallar berib borishmoqda. Endi abonentlarimiz megabaytlari haqida qayg‘urmasdan bu materiallar bilan tanishib chiqishlari mumkin”, — deya yangilikni izohlagan Mobiuz bosh direktorining marketing va sotuvlar bo‘yicha o‘rinbosari Lola Filatova.

Shuningdek, Mobiuz O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Call-markazining yagona 1003 raqamiga bepul qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratgan. Aholi ushbu raqam orqali koronavirus bilan bog‘liq barcha savollarga mutaxassislardan javoblar olishi mumkin.

2019-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda abonentlar uchun bir qator axborot-ta’lim saytlariga kirish bepul qilingan. Ular qatorida “Eduportal.uz” XTV axborot-ta’lim portali, “Kitob.uz” Respublika bolalar kitobxonasi veb-sayti va boshqa veb-resurslardir (“uzedu.uz”, “xtv.uz”, “pm.xtv.uz”, “xt.uzedu.uz”, “stat.uzedu.uz”, “emis.uzedu.uz”, “kundalik.com”). Mobiuz hamkori — Khan Academy O‘zbek onlayn ta’lim platformasi (“uz.khanacademy.org”)ning imkoniyatlaridan foydalanish ham megabaytlarni sarflamaydi.

Koronavirus pandemiyasining oldini olish chora-tadbirlari doirasida vaqtincha qo‘shimcha qulayliklar yaratildi. Mobiuz abonentlari endi mobil internet trafigini sarflamagan holda “edumarket.uz”, “online-maktab.uz”, “talim.uzedu.uz”, “utube.uz” va “itschool.uz” ta’lim portallarining imkoniyatlaridan foydalanishlari mumkin. Bu esa yoshlar, ota-onalar hamda o‘qituvchi-murabbiylar uchun shu kunlarda juda dolzarb.

Aytib o‘tish kerakki, veb-resurslarga, shu jumladan, OAV saytlariga kirishda proksi-server, shu jumladan, VPN’dan foydalanilgan bo‘lsa, mobil internet trafigi narxlanishni boshlaydi.

Avval xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ota-onalardan karantin sabab e’lon qilingan ta’til vaqtida farzandlarining mustaqil ta’lim olishida yuqoridagi veb-resurslardan foydalanishni tavsiya etgandi.

Avval Beeline O‘zbekiston koronavirus sabab “Daryo” va boshqa saytlarga kirishni bepul qilgani xabar qilingan. Butun dunyoda onlayn-kinoteatrlar, turli o‘quv muassasalari, ko‘ngilochar saytlar va turli sohalarda axborot beruvchi platformalar karantinda o‘tirgan odamlar uchun bepul obuna, turli chegirmalar va tekinga ta’lim kursida o‘qish kabi ularni chalg‘ituvchi loyihalarni amalga oshirmoqda. Onlayn tarzda konsertlar tomosha qilish, opera eshitish, kitoblar o‘qish imkoniyati shular jumlasidan.