Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, unda Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat chegaralarini himoya qilish qo‘mitasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi kabi qator tashkilotlar, ularning hududiy boshqarma boshliqlari ishtirok etgan.
Yig‘ilishda sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov koronavirus infeksiyasining O‘zbekistonga chetdan kirib kelishining oldini olish bo‘yicha tegishli tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar va belgilangan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tgan.
Shuningdek, jahondagi epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda O‘zbekistonda yuqumli kasalliklar, jumladan, koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralaridagi mavjud 53 ta sanitariya-karantin punktida qat’iy nazorat o‘rnatish, bunda mutasaddi vazirlik va idoralarning yanada hushyorligini oshirish va tezkor ehtiyot choralarini ko‘rish masalalari yuzasidan aniq vazifalar belgilab olingan.
Videoselektorda chegara-bojxona postlariga qo‘shimcha ravishda tegishli soha mutaxassislarini ajratib, ular tomonidan kasallik qayd etilgan mamlakatlar bilan bir qatorda uchinchi davlatlar orqali kelayotgan fuqarolarning yashash manzillarini aniq belgilab, ularni uyda yoki yotoq joylarida 14 kunlik karantinga olish tadbirlari qat’iy olib borilayotganligi ta’kidlangan.
“Eslatib o‘tamiz, shu kungacha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq biror holat qayd etilmadi. O‘zbekistonda ushbu infeksiyaga qarshi zarur barcha ehtiyot choralari ko‘rilmoqda. Nazorat har qachongidan ham kuchaytirilgan. Shuning uchun vazirlik aholidan ortiqcha xavotirga tushmagan holda shaxsiy gigiyena qoidalarga qat’iy rioya qilib, o‘zini va yaqinlarini himoya qilishlarini, alohida zarurat bo‘lmaganda esa xorijga vaqtinchalik chiqmasliklarini tavsiya qilib qoladi”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotida.
Izoh (0)