2001-yil 26-fevral kuni “Tolibon” harakati lideri Mulla Muhammad Umar Afg‘onistonning Bomiyon vodiysida joylashgan ulkan Budda haykallarini buzib tashlash haqida qaror qabul qildi. Buzish ishlari 2-mart kuni boshlandi va bir necha bosqichda amalga oshirildi. Olib borilgan harbiy amaliyot natijasida 55 va 38 metrli ikki ulkan Budda haykali buzib tashlandi. Bu haqda “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov hikoya qiladi.
Bomiyon – buddaviylik dinining markazi
Bomiyon vodiysi Afg‘onistonning markazida, poytaxt Kobuldan 230 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan hudud. Bu yerda shu nomdagi viloyat va viloyat markazi mavjud. Hudud qadimdan buddaviylik dinining markazlaridan biri bo‘lgan.
Shuningdek, u Buyuk ipak yo‘lida joylashgan muhim strategik shaharlardan edi. Qadimdan bir qator imperiyalar tarkibiga, jumladan, Kushon imperiyasi tarkibiga kirgan. Keyinchalik Sosoniylar va Gupta davlatlari vodiy ustidan hukmronlik o‘rnatgan. XI asrda G‘aznaviylar qo‘li ostiga o‘tgan. 1221-yilda Chingizxon qo‘shinlari shaharni vayron etgan va butun Bomiyon vodiysini bo‘shatgan.
O‘rta asrlarda vodiy Kofirqal’a (Kofirlar shahri) nomini olgan. O‘tgan asrdagi sovet-afg‘on urushidan so‘ng hududda Hazrajiylar davlati tashkil etiladi. 1992-yilda tashkil etilgan Hazariston davlatining markazi etib Bomiyon shahri tanlandi. 1998-yilda esa hudud “Tolibon” harakati tomonidan egallanadi va nazorat to‘liq ularning qo‘liga o‘tdi.
Bomiyon vodiysi 2003-yilda YuNESKOning moddiy-madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Bomiyon Budda haykallarining qurilishi
Bomiyon buddalarining qurilish sanasi arxeologlar orasida katta muhokamalarga sabab bo‘lgan. Ularning aksariyati haykkalarning qurilish sanasini 300 va 700-yillar orasi deb hisoblaydi. Ba’zilar 55 metrli katta haykal V asrda, 38 metrli kichik haykal III asrning ikkinchi yarmida qurilganini aytadi. Haykallarga berilgan bezaklar keyingi asrlarga oid hisoblanadi. Haykallar to‘g‘ridan to‘g‘ri qum-toshli qoyalarni o‘yib yasalgan. Detallar esa loy va somon aralashmasidan ishlangan va ganch bilan qoplangan. Uzoq vaqt davomida yo‘qolib ketgan ushbu qoplama yuz, qo‘l va kiyimlarni aniq ko‘rsatish uchun bo‘yoqlar bilan bo‘yab qo‘yilgan. Haykallar qo‘llarining pastki qismlari xuddi shunday loy va somon aralashmasidan yasalgan va yog‘och ramkalar bilan mustahkamlangan. Yuzlarning yuqori qismlari katta yog‘och yoki metall niqoblar bilan qoplangan deb ishoniladi. Suratlarda ko‘rinadigan teshiklar ganch qoplamani barqarorlashtirib turish uchun qilingan.
Bomiyon vodiysida ko‘plab buddaviylik ibodatxonalari mavjud bo‘lgan. Bu haqdagi asosiy ma’lumotlar VII asrda bu yerga kelgan xitoylik rohib Chjuan San xotiralarida saqlanib qolgan. U vodiyda o‘ndan ortiq ibodatxona va mingdan ortiq rohib faoliyat ko‘rsatishini yozib qoldirgan. Shuningdek, u mazkur ikki ulkan haykal haqida ham yozib, ular oltin va qimmatbaho toshlar bilan bezalganini aytgan. XI asrda Beruniy ham ushbu haykallardan hayratlanib, ular haqida she’r yozgan. Ammo bu she’r yo‘qolgan.
G‘arbliklar orasida haykallarni ilk bor Uilyam Murkroft ko‘rgan. XIX asr boshlarida Buxoroga safar qilgan ingliz josusi va sayyohi yo‘lda Bomiyon vodiysidan o‘tganda ushbu haykallarni ko‘rgan. Yana bir ingliz josusi Aleksandr Byorns haykallar suratini xotiralarida chizib qoldirgan. XX asrning 20–30-yillarida fransuz arxeologlari vodiyni o‘rganish uchun bir qator ekspeditsiyalar tashkil etgan.
Buddalarning o‘limi
Yuzlab yillar davomida yashab kelgan ulkan Buddalar mavjudligi davrida ikki marta buzilish xavfi ostida qolgan. Birinchisi XVII asrda, Boburiy hukmdor Avrangzeb Olamgir davrida, ikkinchisi esa XVIII asrda, Nodirshoh Afshor davrida yuz bergan. Bu ikki hukmdor haykallarni buzib tashlashga harakat qilib ko‘rgan. To‘plardan o‘qqa tutilganini ko‘rsatuvchi izlar haqida 1931-yilda ekspeditsiya rahbari Jozef Xakin yozib qoldirgan.
1998-yildan 2001-yilgacha toliblar bir necha bor haykallarni buzib tashlashga harakat qildi. Ammo, “Tolibon” markaziy hukumatining qarshiligi tufayli bu ish amalga oshmadi. 1999-yil iyul oyida “Tolibon” hukumati madaniyat vazirligi antik va qadimgi dunyo madaniy merosi obyektlarini saqlash va muhofaza qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ammo 2000-yil dekabr va 2001-yil yanvar orasida BMT Xavfsizlik Kengashining Afg‘oniston amirligiga qarshi sanksiyalari kuchga kirdi. Muxolifatdagi hazrajlar Bomiyonni egallab oldi. Bir necha kundan so‘ng u qaytarib olindi. Shu voqealardan keyin 26-fevral kuni “Tolibon” rahnamosi Mulla Muhammad Umar islomga zid bo‘lgan butlarni yo‘qotish haqida qaror qabul qildi.
Bir qator xalqaro tashkilotlar, davlatlar, siyosiy arboblar haykallarni buzmasdan, ko‘chirishni so‘rab chiqdi. Hindiston, Tailand, Shri-Lanka, Metropoliten muzeyi haykallarni sotib olishni taklif qildi. Lekin bularning bari foydasiz edi. 14-mart kuni Mulla Umar Afg‘oniston muzeylaridagi haykallardan tortib Bomiyondagi ulkan haykallargacha to‘liq buzib tashlanganini e’lon qildi.
16-mart kuni toliblar yuzta sigir so‘yib qurbonlik qildi va go‘shtni kambag‘allarga tarqatdi.
19-mart kuni Al Jazeera telekanali haykallarning buzilishiga doir reportajni namoyish etdi. 22 nafar jurnalist Bomiyonga taklif etildi; ularga bo‘shagan muzeylar va buzilgan haykallar o‘rni ko‘rsatildi.
Haykallar buzilganidan keyingi yillarda bir necha bor ularni qayta tiklash takliflari bildirib o‘tildi. Jumladan, 2012-yilda Yaponiyaning Saachi fondi o‘z hisobidan haykallarni qayta qurish istagini bildirdi. Ammo Afg‘oniston hukumati bunga rozi bo‘lmadi. 2014-yilda Afg‘oniston hukumati Yaponiya, Tayvan va Tailand buddaviy tashkilotlari taklif etgan diniy missiya va ibodatxona qurish haqidagi taklifni qabul qilmadi.
2015-yilning boshida bir qator Saudiyaga tegishli deb qaraladigan islomiy fondlar Bomiyonda masjid va madrasa qurish taklifini kiritdi.
Qiziqarli fakt: Eronlik rejissor Muhsin Mahmalbof G‘arbning Afg‘oniston borasidagi e’tiborsizligi haqida shunday deydi: “Aminmanki, Budda haykallari buzib tashlanmadi, balki ular G‘arbning Afg‘oniston borasida befarqliklari qarshisida uyatdan quladi”.
Muhsin Mahmalbofning qizi – Xana Mahmalbof otasining bu so‘zlaridan ilhomlanib, 2007-yilda “Budda uyatdan quladi” nomli film ishladi. Bomiyonda istiqomat qiluvchi mahalliy aholi – shia e’tiqodidagi hazoralarning bolalari yashaydigan ayanchli hayot ko‘rsatilgan ushbu kartina ko‘plab kinotanlovlarda g‘olib bo‘ldi.
Bugungi kunda Bomiyondan olib kelingan freskalar Kobul muzeyida, shuningdek, Parijdagi Guimet muzeyida saqlanmoqda. Ularning ba’zilari fuqarolar urushi natijasida shikastlangan, ba’zilari esa restavratsiya qilingan.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)