AQSh Federal zaxira tizimi koronavirus tarqalishi va bozorlardagi pasayish munosabati bilan favqulodda choralarni ko‘rishga kirishdi. U favqulodda yig‘ilishda stavkalarni pasaytirdi. Bu 2008-yilgi jahon moliyaviy inqirozdan beri birinchi marta stavkalarning rejadan tashqari tushirilishi bo‘ldi, deb yozmoqda “RBK”.
Mamlakatning Markaziy banki sifatida ish yuritadigan AQSh Federal zaxira tizimi bazaviy foiz stavkasini 0,5 foiz punktiga pasaytirib, 1-1,25 foizga tushirdi. Shu vaqtga qadar foiz stavkasi 1,5-1,75 foiz edi. Tashkilotning qarori rejadan tashqari bo‘ldi. Mazkur yig‘ilish 17—18-mart kunlari o‘tkazilishi kerak edi.
Federal zaxira tizimining qarori iqtisodiy faoliyat uchun qo‘shimcha xavf tug‘diradigan COVID-19 koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan izohlandi.
Mavzuga doir: AQShda koronavirusdan ikkinchi kishi vafot etdi
Koronavirus 2020-yilda jahon savdo aylanmasini 3,75 foizga kamaytiradi, deya ogohlantiradi Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti. Uning prognoziga ko‘ra, tashkilotga a’zo mamlakatlarda talabning kamayishi sababli narxlarning o‘sishi sekinlashadi va Markaziy banklar asosiy foiz stavkalarini o‘rtacha 1 foiz punktga tushirishga majbur bo‘ladi.
Qayd etilishicha, Federal zaxira tizimi 2019-yildan beri ehtiyotkorlik bilan stavkalarni pasaytirmoqda. Undan oldin, o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida u stavkani ko‘targan yoki ushlab turgan.
Fond bozori Federal zaxira tizimining qaroriga ijobiy munosabat bildirdi. S&P 500 indeksi 2,5 foizga, Dow Jones 2,3 foizga, NASDAQ 2,4 foizga o‘sdi. Biroq tez orada indekslar tashkilot qaroridan oldingi pozitsiyalariga qaytdi. AQSh dollari indeksi stavka haqidagi yangiliklar sababli tushdi.
Qayd etilishicha, Federal zaxira tizimi tomonidan ko‘rilayotgan choralar yalpi talabning sezilarli darajada o‘sishiga olib kelishi mumkin emas. Biroq pasaytirilgan stavkalar moliyaviy tizimdagi stressni yengillashtirishga va investorlarning kayfiyatini yaxshilashga yordam beradi.
Avvalroq ekspertlar jahon iqtisodiyoti koronavirus sabab ikki baravarga pastlashini prognoz qilgan edi. Tailandga keladigan sayyohlar soni esa olti million kishiga kamayishi kutilmoqda. Bank of America yil so‘ngida oxirgi iqtisodiy inqirozdan ham og‘ir damlar kelishini taxmin qilgan edi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi koronavirus sababli jahon iqtisodiyoti rivojlanishining 2 ta ssenariysini ma’lum qilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus Xitoydan tashqari yana 64 ta davlatda tarqaldi. Butun dunyo bo‘ylab koronavirusni yuqtirib olganlar soni esa 90 370 kishiga yetgan. Kasallikka chalinganlar soni bo‘yicha Xitoydan keyingi o‘rinlarda Janubiy Koreya (4335) ketmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, dunyoning 64 davlatida koronavirus aniqlangan.