O‘zbekiston ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi Jizzax viloyat bo‘limi tomonidan “Yoshlarda tog‘li va ekologik hudud marshrutlari bo‘yicha gid kuzatuvchilik ko‘nikma va bilimlarni oshirish yo‘li bilan Jizzax viloyati bo‘yicha ichki turizm salohiyatini oshirishga ko‘maklashish” nomli loyiha amalga oshirilmoqda, deb xabar bermoqda “O‘zbekturizm” qo‘mitasi.
Loyihaga ko‘ra, Jizzax viloyatining tog‘ va tog‘ oldi hududlarida yashovchi aholini turizm sohasiga jalb qilish hamda sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish ko‘zda tutilgan.
“Ekstremal va tog‘ turizmini rivojlantirishda jamoat tashkilotlarining roli juda muhim. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi tashkil etilgan. Biz Jizzax viloyatida turizm sohasini rivojlantirish uchun ko‘plab bu kabi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz”, – deydi O‘zbekiston ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari A.Sharipov.
Hozirda viloyatning Sharof Rashidov, Baxmal, Zomin, Forish hamda G‘allaorol tumanlarida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib kelinmoqda. Mashg‘ulotlarga maktab o‘quvchilari va yoshlar tomonidan qiziqish bildirilmoqda.
Izoh (0)