O‘zbekiston poytaxtining har bir tumanida bir million donadan daraxt ekiladi. Bu haqda Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev Yakkasaroy tumanidagi “Yunus Rajabiy” mahallasida 81 ta ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlanishi hodisasidan so‘ng “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

Avvalroq shahar prokurori dov-daraxtlarni kesishga qarshi 2019-yil 30-oktabr kuni Prezident tomonidan joriy etilgan moratoriy ijrosini ta’minlash borasida hududda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini tan olib, shahar prokuratura organlari “Prezidentimiz va xalqimiz oldidagi ishonchni oqlay olmagani”ni ta’kidlagani haqida xabar berilgan edi.

Prokuror Valiyevning qo‘shimcha qilishicha, u rahbarlik qilayotgan idora Toshkent shahridagi 11 ta tumanning har birida bir million donadan daraxt ekish aksiyasini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan (aksiya tafsilotlari, xususan, u qachon o‘tkazilishi, 11 million dona daraxt qachongacha o‘tqazib bo‘linishi rejalashtirilgani ochiqlanmagan).

“Prezident va xalqimiz oldidagi ishonchni oqlash uchun Toshkent shahar prokuraturasi shahardagi to‘rtta sektor rahbarlari va keng jamoatchilik bilan birgalikda har bir tumanda bir milliontadan daraxt ekish aksiyasini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqyapti. Oldimizga qo‘yilgan vazifani to‘la-to‘kis amalga oshirib, yurtimiz rahbari oldida, xalqimiz oldida yuzimizni yorug‘ qilamiz, deb ishontiraman.

Bahriddin Valiyev, Toshkent shahar prokurori

Eslatib o‘tamiz, “Yunus Rajabiy” mahallasida yuz bergan hodisa jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lib, shahar va mamlakat rahbariyati e’tiborini o‘ziga qaratgach, kesib tashlangan daraxtzor o‘rnida zudlik bilan yangi yashil maskan barpo etishga kirishildi, daraxtlarni kesishga ruxsat bergan Yakkasaroy tumani hokimi o‘rinbosari va daraxtzor o‘rnida ko‘p qavatli uy qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorga qarshi jinoyat ishi ochildi, bir qator mas’ullar hayfsan oldi.

Ma’lumot uchun, hozirgi kunda Toshkent shahrida 11 ta tuman bor. Bular — Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlaridir.