O‘zbekiston Saudiya Arabistoni tomonidan turizm vizasi taqdim etiladigan davlatlar ro‘yxatida mavjud emas, o‘zbekistonliklarga turli boshqa vizalar qatori Umra vizasi taqdim etiladi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilovning “Gazeta.uz” muxbiriga ma’lum qilishicha, o‘zbekistonliklarga turizm vizasi berilmasligiga fuqarolar ustidan tushgan shikoyatlar sabab qilinadi.
Uning aytishicha, O‘zbekiston fuqarolariga Saudiya Arabistoni turizm vizasi berilmasligining sababi — turli xususiy yo‘llar orqali Saudiyaga kelib, ular sodir etgan huquqbuzarlik faktlari ushbu mamlakat tomonidan e’tiroz ila ko‘rsatilgan.
“O‘zbekiston fuqarosini himoya qilish davlat zimmasida, shunga muvofiq Saudiya Arabistonidagi konsullik xodimlari sud mahkamalariga tushib qolgan, turli ishlarga qo‘l urgan fuqarolarni qayerlardan olib chiqishmagan, deysiz. Ular (Saudiya Arabistoni rasmiylari) bizga qo‘shimcha salbiy faktlarni taqdim etib, ‘hozircha turizm vizasini sizlarga bera olmaymiz’, degan”, — deya qayd etdi qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari.
Muzaffar Komilovning so‘zlariga ko‘ra, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasidan O‘zbekiston fuqarolariga Umra vizasini mustaqil taqdim etmaslik yoxud xususiy shirkatlar orqali murojaat qilgan shaxslarning so‘rovini qanoatlantirmaslikni so‘ralmagan. Ammo O‘zbekiston Musulmonlari idorasi xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Muhammad Akmalxon Shokirov Saudiya tomoniga muayyan mazmundagi iltimosnoma kiritilganini tasdiqladi.
“Tasavvur qiling, ota-onangiz Umraga borish uchun navbatda uch yildan beri turibdi. Boshqa tarafdan bir odam kelib, Umraga borish istagida elchixonaga murojaat qilmoqda. Adolat mezoni buzilmoqda. Haligi odamni to‘xtatib, nega navbatsiz ketyapsan, degan bo‘lardingiz. Ana shu adolat mezoni buzilmasligi maqsadida Saudiya Arabistoning O‘zbekistondagi elchixonasidan iltimos qilinganki, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi taqdim etgan ro‘yxatdan tashqari boshqa fuqarolarga, iloji bo‘lsa, Umra vizasi berilmasin”, — dedi u.
Mohiyatan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov ta’kidlagan masalada turizm vizasi nazarda tutilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakili Umra vizasi haqida gapirdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 3-fevraldan boshlab, Umra ziyorati narxini 13 million 20 ming so‘m etib belgilagan. Narxning qariyb 1,5 million so‘mga o‘sishiga 1-yanvardan Saudiyaga boruvchi barcha mamlakat fuqarolariga tibbiy sug‘urta uchun 189 saudiya riyoli (50 dollar) davlat boji joriy qilingani sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan. Ayni paytda O‘zbekistonda Umra ishini tashkil etish bilan faqat davlat tashkilotlari shug‘ullanadi.
Izoh (0)