“Xalqlar do‘stligi” saroyi oldida 1-fevral, shanba kuni, yo‘l-patrul xizmati inspektorlariga zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan xizmat avtomobillarini topshirish, namunali xodimlarni taqdirlash tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar qildi.
Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmalariga xizmatda foydalanish uchun jami 138 ta transport vositasi, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga 10 ta, Andijon viloyatiga 10 ta, Buxoro viloyatiga 8 ta, Farg‘ona viloyatiga 9 ta, Jizzax viloyatiga 11 ta, Xorazm viloyatiga 11 ta, Namangan viloyatiga 10 ta, Navoiy viloyatiga 9 ta, Qashqadaryo viloyatiga 11 ta, Samarqand viloyatiga 12 ta, Sirdaryo viloyatiga 10 ta, Surxondaryo viloyatiga 12 ta, Toshkent viloyatiga 9 ta hamda Toshkent shahriga 9 ta avtomashina ajratildi.
Jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va harakat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi samarali mehnatlari, o‘z xizmat burchini bajarishda jonbozlik ko‘rsatgani uchun Farg‘ona viloyati YHXBB inspektori, safdor Elyor Begmatov hamda Buxoro viloyati YHXBB inspektori, serjant Akobir Hodiyev televizorlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, bir qator soha xodimlariga faxriy yorliqlar topshirildi.
2019-yil davomida jamoat tartibini saqlash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan YTHning oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda harakat xavfsizligini ta’minlash targ‘ibotini oshirish yo‘lida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishda ijobiy natijalarga erishganligi, olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan holda xizmatni samarali tashkil etganligi munosabati bilan Ichki ishlar organlarining hududiy YHXB jamoaviy tarzda taqdirlandi. Soha tizimlarida ijobiy natijalarga erishib, 1-o‘rinni egallagani uchun Xorazm viloyati IIB YHXB Tracker avtomobili bilan, 2-o‘rinni egallagan Toshkent shahar IIBB YHXB Gentra, 3-o‘rinni egallagan Samarqand viloyati IIB YHXBga Nexia-3 avtomobili topshirildi.