AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida mehmonni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kutib oldi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 3-fevral, dushanba kuniga mo‘ljallangan.
AQSh Davlat departamenti delegatsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Muloqot chog‘ida Vashingtonda 2018-yil may oyida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston—AQSh sammiti doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi muhokama qilinadi, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Shuningdek, AQSh Davlat kotibi Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo—AQSh” (“C5+1”) shaklidagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi.