Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning o‘rinbosari Dilshod Kenjayev Dehqonoboddagi maktabda bo‘lib, 41 nafar o‘qituvchini “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishon bilan taqdirladi, — deya xabar beradi “Daryo” muxbiri.
Ma’lum bo‘lishicha, Qashqadaryo hamda Surxondaryo viloyatlaridagi 24 ta maktab jamoasi “Besh tashabbus” bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. G‘oliblarga vazirlikning qimmatbaho sovg‘alari topshirilgan.
— Dehqonobod tumanidagi 85-maktab jamoasi vazirligimiz tomonidan tashkil etilgan “Beshta tashabbus maktabda” loyihasining beshta yo‘nalishida ham o‘rin olishga muvaffaq bo‘ldi, — deydi Dehqonobod tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri O‘ktam Toshboyev. — Bu nafaqat maktab jamoasi, tuman hamda viloyat xalq ta’limi mas’ullarining ham yutug‘i bo‘ldi.
Dilshod Kenjayevning ta’kidlashicha, “Beshta tashabbus maktabda” loyihasi boshlanganidan beri, 6165 ta videorolik omma e’tiboriga havola qilingan. Shundan 210 ta videorolik g‘oliblikka erishgan.
Vazir o‘rinbosari tumandagi 85-maktabda bo‘lib, maktabdagi to‘garaklar faoliyati bilan tanishdi. Maktab o‘quvchilari bilan badiiy kitoblardagi voqealar xususida suhbatlashdi.
Vazir o‘rinbosari ishtirok etgan taqdirlash marosimida 41 nafar pedagog “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishon bilan taqdirlangan. 32 nafar o‘qituvchilar esa vazirlik “Faxriy yorlig‘i”ga munosib ko‘rilgan.