Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar, seshanba kuni transport tizimini samarali tashkil etish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlat rahbari matbuot xizmati axborotida ta’kidlanishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonning transport-tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti. Optimal tarif siyosati mavjud bo‘lmagani sababli tranzit yuk oqimini jalb etish va mahalliy tovarlarning tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish imkoniyati cheklanmoqda.
“Yig‘ilishda tranzit siyosatini butunlay qayta ko‘rib chiqish Transport vazirligining eng muhim vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi”, — deyiladi rasmiy axborotda. Temiryo‘l tizimini tubdan isloh qilish, sohaga xususiy kapitalni keng jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Xalqaro ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston tranzit salohiyatini hozirgi 7 million tonnadan 16 million tonnaga, 2030-yilda esa, mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish evaziga 23 million tonnaga yetkazish imkoniyati mavjud. Qayd etish joiz, Jahon bankining logistika reytingida O‘zbekiston 163 ta davlat orasida 99-o‘rinda bo‘lib, xalqaro tashuvlarni amalga oshirishning soddaligi bo‘yicha 120-o‘rinda qayd etilgan.
Izoh (0)