Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat IIB tezkor xizmat xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida Oqdaryo tumanidagi “Mahalla” qishlog‘idagi 14 sotix yer maydonining 3,5 sotixida “Xo‘rozlar jangi” musobaqasi uchun tashkil qilingan arena faoliyatiga chek qo‘yilganligi haqida xabar berilgan edi.

Foto: “Daryo”

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tuman sudi raisi Ilyos Doniyorovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, mazkur arena egasi 1982-yilda Oqdaryo tumani “Mahalla” qishlog‘ida tug‘ilgan S.B.ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi bilan ayblanuvchi S.B.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida tuman prokurori tomonidan iltimosnoma taqdim etilgan.

Ma’lum qilinishicha, ayblanuvchi S.B. 2020-yil 11-yanvar kuni soat 15:00 da o‘zi yashab kelayotgan uy-joyida qonunga xilof ravishda qimor va tavakkalchilikka asoslangan xo‘roz urushtirish o‘yinini tashkil qilgan. Ushbu o‘yin uchun joy ajratib, sharoit yaratib, xo‘roz urushtirish o‘yiniga kelgan har bir fuqarodan kirish uchun 8000 so‘mdan pul olgan.

Xabar berilishicha, S.B. o‘yinga tikilgan pullardan ma’lum miqdorda o‘zining ulushini olib, bevosita o‘yin o‘tkazayotganligi, Samarqand viloyat DXX va Samarqand viloyat IIB hamda Oqdaryo tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlangan. O‘yinga kelgan fuqarolardan o‘yin uchun olingan 10 dona 10 000 so‘mlik, 34 dona 5000 so‘mlik, 31 dona 1000 so‘mlik kupyuralardagi jami 301 000 so‘m miqdoridagi pul xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.

Sud tuman prokurori vazifasini bajaruvchi D.Muzaffarovning ma’ruzasini, himoyachi fikrlarini eshitib, ayblanuvchi ayblanayotgan jinoiy harakati Jinoyat kodeksining 15-moddasida nazarda tutilgan og‘ir jinoyat turkumiga kirishini, uning dastlabki tergov va suddan bo‘yin tovlashini, ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga xalal berishi mumkin bo‘lgan urinishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni lozim topgan.