Shimoliy qutb yog‘dusi va umuman shimoliy qutbga taalluqli ko‘p narsalar odamzotga qadimdan ma’lum. Biroq xuddi shuning aksi bo‘lgan Janubiy qutbdagi geografik obyektlarni odamzot nisbatan yaqindagina – atigi ikki asr avval ochgan xolos. Shu jumladan, Janubiy qutb aylanasini kesib o‘tishga faqat 1773-yilga kelib mashhur ingliz dengizchisi Jeyms Kuk muvaffaq bo‘lgan edi. O‘sha voqea 17-yanvar sanasida ro‘y bergan. Shu munosabat bilan “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov o‘sha voqea haqida hikoya qiladi.
Jeyms Kuk shaxsi katta avlod vakillariga Vladimir Visotskiyning hazil qo‘shig‘i orqali yaxshi tanish. Jahongashta dengizchi kapitan Kukni Gavayi orollarida mahalliy xalq vakillari yeb qo‘ygan degan taxmin mavjud. O‘sha paytda u 50 yoshda bo‘lgan. Biroq ungacha kapitan Kuk bir qancha yirik geografik kashfiyotlar qilishga ulgurgan va yirik ilmiy tadqiqot ekspeditsiyalariga boshchilik qilgan edi. Xususan, u Shimoliy Amerika qirg‘oqlari, Kanada, Alyaska, Bering bo‘g‘ozi, Avstraliyaning sharqiy sohillari hamda Yangi Zelandiyani tadqiq qilib, bu hududlarning eng sifatli va ishonchli xaritalarini tuzib chiqqan. Niue, Yangi Kaledoniya, Yangi Gebrid, Janubiy Georgiya orollarini hamda Janubiy Sendvich arxipelagini kashf qilgan. Shuningdek, u 1770-yilda Yangi Zelandiyaning ikkita mustaqil oroldan iborat ekanini isbotlab bergan edi. O‘shanda Kuk kemasini Shimoliy va Janubiy orol orasidagi tor bo‘g‘ozdan olib o‘tgan. Hozirda ushbu bo‘g‘oz uning nomi bilan Kuk bo‘g‘ozi deb ataladi.
Kapitan Kuk uch marta dunyo okeani bo‘ylab sayohatga chiqqan. Shulardan ikkinchisida u “Rezolyushn” va “Advencher” kemalariga boshchilik qilib, asosan Afrikaning Yaxshi umid burni va Janubiy Amerikaning Gorn burnidan janubidagi suvlarni tadqiq etgan. Kukning bu sayohatigacha bo‘lgan zamonlarda odamlar Atlantika, Tinch va Hind okeanlari qayerdadir birlashishi mumkinligini faqat taxmin qilar, nazariy jihatdan bu okeanlar tutashmasligi ham mumkin degan qarash mavjud edi. Kuk esa okeanlarning janubiy qismlariga imkon qadar janubroqqa suzib borishni maqsad qilgan. Buning uchun u Afrika va Janubiy Amerikaning eng janubiy qirg‘oqlari bo‘lmish Yaxshi umid va Gorn burunlaridan janubda g‘arbdan sharqqa tomon suzib, bu hududda haqiqatan ham okeanlar o‘zaro tutashishini isbotladi. O‘shanda Jeyms Kuk ushbu havzani Janubiy okean deb alohida e’tirof etishni ham taklif qilgan edi. 1772–1775-yillarda amalga oshirilgan sayohatda Jeyms Kuk insoniyat tarixida ilk bora Janubiy qutb aylanasini kesib o‘tgan va Janubiy qutb yog‘dusini kuzatishga muvaffaq bo‘lgan. Bu paytgacha olimlar xuddi shimol yog‘dusi – aurora borealis singari janubiy qutbda ham yog‘du bo‘lishi kerakligini faqat taxmin qilar edi. Bunday yog‘du haqiqatan ham ro‘y berishini aynan Jeyms Kuk aniqlab bergan va yog‘duga aurora australis, ya’ni janubiy yog‘du deya nom berilgan.
O‘sha sayohatda kapitan Kuk 71º10′ janubiy kenglikkacha suzib bora oldi. U janubiy qutb tarafda ham materik bor-yo‘qligini tekshirmoqchi bo‘ldi. Biroq u bu kenglikdan nariga o‘tolmadi va ortga qaytishga majbur bo‘ldi. Shunga qaramay, u Angliyaga qaytgach, baribir janubiy qutb tarafda ham materik bor yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob berishiga to‘g‘ri keldi. Shunda u “uyoqda ham mabodo materik bo‘lsa, u faqat muzlagan maydonlardan iborat bo‘ladi va aytarli naf keltirmaydi”, deb ta’kidlagan edi.
Shuningdek, yevropaliklar o‘zlari uchun noma’lum bo‘lgan g‘aroyib jonivor – kenguru haqida ilk bora aynan kapitan Kuk chizmalari va kema jurnali orqali ma’lumot olgan.
Izoh (0)