Nature Biomedical Engineering jurnalida Ogayo davlat universiteti olimlari Shi Szyunfin, Sinzyao Sun, Szinmey Vang va boshqalar hammuallifligida chop etilgan ilmiy maqola 16-dekabr kuni e’lon qilindi. Unda aytilishicha, universitetning biokimyogarlar ilmiy jamoasi miya o‘simtasi kasalliklarida katta ijobiy natijalar berishi mumkin bo‘lgan yangicha gen terapiyasi usulini ishlab chiqqan.

Foto: Nature

Maqolada qayd etilishicha, olimlar inson tanasidagi hujayralarning o‘zini nanoo‘lchamdagi dorivor modda ishlab chiqaruvchisiga aylantira olgan. Ushbu modda miya saratoni kasalliklarida katta samara beradigan genetik material bo‘lib, tajribada olimlar hujayrani shunday material produtsenti, ya’ni hosil qiluvchisiga aylantirishga muvaffaq bo‘lgan. Bu usulni qo‘llash orqali tajriba sichqonlarida olib borilgan eksperimental gen terapiyasi esa gliomaga ega sichqonlarda o‘simta o‘sishini keskin sekinlatgan va yashab qolish imkoniyatini oshirgan.

Aytish joizki, odam bosh miyasida uchraydigan o‘simta kasalliklarining 80 foizida glioma aynan birlamchi saraton turi bo‘lib, miya saratoniga yo‘liqqan bemorlarning aksariyati aynan shu narsadan aziyat chekadi. Maqolada qayd etilishicha, tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish orqali miya o‘simtasi kasalliklarini rivojlanish bosqichidayoq to‘xtatish va bartaraf etish mumkin bo‘lar ekan. Buning uchun esa hujayraning o‘zi ishlab chiqaradigan va boshqa hujayralar bilan bog‘lanish uchun ishlatadigan ekzosomalardan foydalaniladi. Ekzosomalar ichida suyuqlik mavjud qopchaga o‘xshash modda bo‘lib, terapevtik nuqtai nazardan biologik qulay materialdir. Chunki ularga nisbatan organizmda immunolgik aks-reaksiya bo‘lmaydi, shuningdek, ekzosomalar miqdori ko‘pligi bilan ham genetik terapiya maqsadlarida foydalanish uchun qulay.

Qayd etish joizki, guruh 2017-yilda ham shunga o‘xshash muhim bir ilmiy ishni amalga oshirgan edi. O‘shanda olimlar “To‘qimalar nanotransfeksiyasi” deb nomlangan usulni patentlagan. Unga ko‘ra, nanotexnologik chip biologik materialni (masalan, dorini yoki genetik terapiya vositasini) teri hujayralariga aniq manzilli eltish mumkin bo‘ladi va bu orqali yetilgan hujayralarni boshqa turdagi hujayraga aylantirib, bemor tanasidagi boshqa kasallangan hujayra bilan almashtirish imkoni ochiladi. Ushbu texnologiyani amalda kuzata turib, olimlar organizm uchun yot jism bo‘lmish nanochipga qo‘yilgan vazifani hujayraning o‘zida, tabiiy hosil bo‘ladigan ekzosomalar orqali ham bajarsa bo‘lishini payqadi. Qaytanga ularning nanochipi faqat sirt teri qatlamlari uchun xizmat qiladigan, ichkari organlarga kira olmaydigan edi; ekzosomalar esa teri qavatidan ancha ichkariga kira oladigan tabiiy tibbiy transport bo‘la olar ekan.

Universitet olimi, loyiha ishtirokchilaridan yana biri Jeyms Li yangi usul nafaqat miya o‘simtasi, balki Alsgeymer va Parkinson kasalligi singari nevrologik xastaliklarda ham naf berishiga umid bildirdi.