Andijon shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Gulshanoy Qoshqarovaga nisbatan, u Andijon shahar hokimligining rasmiy Telegram kanali orqali jurnalist-bloger Xurshid Daliyevni haqorat qilib, unga nisbatan tuhmat qilgani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi (Tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.

Foto: “Human.uz”

“Human.uz”ning yozishicha, Xurshid Daliyevning shikoyatiga asosan Andijon shahar IIB tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari yakuniga ko‘ra shunday qaror qabul qilingan. To‘plangan hujjatlar 2019-yilning dekabr oyida ko‘rib chiqish uchun Andijon shahar ma’muriy sudiga yuborilgan. Sud ishi qachon boshlanishi to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q.

Jurnalist Xurshid Daliyev o‘zining Telegram kanali orqali hududlardagi ijtimoiy muammolarni yoritib boradi. Shuningdek, u “Human.uz” muassisi Human Media MCHJ bosh direktori hisoblanadi.

Avvalroq Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Otabek Nuritdinov” taxallusi bilan voqea-hodisalarga o‘z munosabatini bildirib kelgan fuqaro-bloger Abdufatto Nuritdinov tuhmat qilganlikda ayblanib, 15 sutka ma’muriy qamoq bilan jazolangani haqida xabar berilgan edi.