Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ‘2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida’gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar berilgan edi.
Unga ko‘ra, 2020-yil 1-fevraldan byudjet muassasalari xodimlarining ish haqi va pensiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi, biroq bazaviy hisoblash miqdori (223 ming so‘m) o‘zgarishmaydi. Bu soliqlar, yig‘imlar, jarimalar, davlat bojlari va ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari uchun to‘lovlar miqdori o‘zgarmasligini anglatadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2019-yil 1-sentabrdan “eng kam ish haqi” (EKIH) o‘rniga “mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori” muomalaga kiritildi, ayni vaqtda “bazaviy hisoblash miqdori” (BHM) ham joriy etildi. BHM quyidagilarni aniqlash uchun qo‘llanadi:- soliqlar, yig‘imlar, jarimalar, davlat bojlari va ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari uchun to‘lovlar miqdorini;
- tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan shug‘ullanish uchun patent (litsenziya) to‘lovlari hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa to‘lovlar miqdorini.