Xiva shahar Davlat xizmatlari markazi binosi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi, deb xabar berdi Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati.
“Markaz butunlay o‘zgacha ruhda barpo etilgan bo‘lib, unda siz milliylik va zamonaviylikning uyg‘unlashgan holatining guvohi bo‘lasiz.
Keng va yorug‘ xonalar, naqshinkor devor markazga kelgan har bir kishini o‘ziga jalb etmasdan qolmaydi.
Binoda murojaat qiluvchi aholiga barcha qulayliklar yaratilgan bo‘lib, investorlarni kutib olishga mo‘ljallangan muzokara zali, kitobxonlar uchun kutubxona, yosh bolali onalar farzandlari uchun o‘yinchoqlar bilan to‘ldirilgan maxsus xona, shuningdek, ovqatlanish xonalari ham mavjud.
Darhaqiqat ovqatlanish xonasida o‘zbek mentalitetiga xos bo‘lgan supa joylashtirilgan bo‘lib, bu yerga kelganlarni o‘ziga chorlaydi. Albatta ushbu sharoitlarning bari yurtdoshlarimizning davlat xizmatlaridan ko‘ngli to‘lib va unumli foydalanishlari yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakatlardir”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Xiva shahrida jami 91 mingdan ziyod aholi istiqomat qilib kelmoqda, bugungi kunda shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan jami 36 mingdan ortiq xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, shundan 1 030 ga yaqini sayyor tartibda amalga oshirildi.
Izoh (0)