Bugun – 26-dekabr kuni, roppa-rosa ikki soatdan so‘ng O‘zbekistonda Quyosh tutilishi kuzatiladi. Bu tabiat hodisasi hamda uni kuzatish yo‘llari haqida “Daryo” kolumnisti, astronom olim Po‘lat Tojimurodov hikoya qiladi.
Barchamizga ma’lum, Yer Quyosh atrofida, Oy esa Yer atrofida aylanadi. Oyning aylanish orbitasi tekisligi Yer orbitasi tekisligi bilan bir xil emas, ular bir-biriga burchak ostida joylashgan. Oy bilan Quyosh Yerning bir tomonida bo‘lgan payt Oyga tushgan Quyosh nurlarining barchasi Oyning “orqa”, bizga ko‘rinmaydigan tomonidan qaytadi, Oy bizga ko‘rinmaydi. Bu yangi Oyga to‘g‘ri keladi. Quyosh Yerning bir tomonida, Oy esa qarama-qarshi tomonida bo‘lsa, Oyga tushgan Quyosh nurlarining barchasi Oyning bizga qaragan tomoni – “yuzi”dan qaytadi va biz to‘lin Oyni kuzatamiz.
Ravshanki, bu hodisalar Oy-Yer sistemasining turli holatlarida ro‘y berishi mukin. Ba’zida shunday to‘g‘ri kelib qoladiki, yangi va to‘lin Oy payti Quyosh, Yer va Oy bir to‘g‘ri chiziqda joylashib qoladi. Agar bu to‘lin Oy payti ro‘y bersa, Oy Yerning soyasida qolib, Oy tutilishi ro‘y beradi. Bu yil iyul oyida biz aynan shu hodisanig guvohi bo‘ldik.
Agar bunday joylashuv yangi Oy payti amalga oshsa, Yerga Oyning soyasi tushadi va o‘sha soya sohasida Oy Quyoshni to‘sib qo‘yadi. Bu hodisa Quyosh tutilishi deb ataladi. Oy Yerdan ancha kichik bo‘lgani sababli uning soyasi Yer yuzidagi kichik sohanigina qoplaydi, ya’ni Quyosh tutilishi butun Yer yuzida emas, faqat ayrim hududlarda kuzatiladi.
Bundan tashqari, Oyning Yer atrofida aylanish orbitasi aylana emas, ellips shaklida. Buning hisobiga Oy ba’zan Yerga yaqinroq, ba’zan uzoqroq bo‘ladi. Tutilish Oy nisbatan uzoq payti ro‘y bersa, Oy Quyoshni to‘liq to‘sa olmaydi, Quyosh nurlarining bir qismi soya sohasiga yetib keladi. Bunday tutilish payti Oy atrofida yorug‘ gardish ko‘rinib turadi. Tutilishning bu turi halqasimon tutilish deb aytiladi. Hatto Oy bizga yaqin bo‘lgan payt ham to‘la tutilish faqat soyaning markazi atrofida kuzatiladi. Chegaraga yaqin yarim soya hududlarda qisman tutilish kuzatiladi, bunda Oy Quyoshni to‘liq to‘smaydi, faqatgina uning ma’lum qismini to‘sib o‘tib ketadi.
26-dekabr kuni ro‘y beradigan Quyosh tutilishi – halqasimon tutilish. Uning to‘liq fazasi Saudiya Arabistoni, Indoneziya va Hindistonning janubida kuzatilib, bunda Oy Quyosh sirtining 96 foizini to‘sadi.
O‘zbekiston hududida qisman Quyosh tutilishi kuzatiladi, eng janubiy nuqta – Termiz shahrida u 2 soat 16 daqiqa, Toshkentda 2 soat 6 daqiqa davom etadi. Mamlakat g‘arbida tutilish 2 soat 3 daqiqa davom etadi, lekin uning dastlabki qirq daqiqasi kuzatilmaydi, chunki Quyosh hali gorizontdan ko‘tarilmagan bo‘ladi.
Toshkentda tutilish soat 8:00 da boshlanib, maksimum fazaga 9:00 da yetadi. Bunda Quyosh diametrining 38 foizi to‘siladi. Quyosh bu payt gorizontdan atigi 10° (to‘g‘ri burchakning 1/9 qismi) balandlikda bo‘ladi. Atrofingizda baland binolar yoki daraxtlar ko‘p bo‘lsa, bunday balandlikdagi Quyosh sizga ko‘rinmasligi ham mumkin.
Qurollanmagan ko‘z bilan buni ko‘rib bo‘lmaydi. 10:06 da tutilish tugaydi.
Quyoshning bunchalik kichik qismi to‘silganini qurollanmagan ko‘z bilan payqab bo‘lmaydi. Buning uchun qoraytirilgan shisha yoki payvandlash maskasi kerak bo‘ladi.
Yorug‘lik oqimini kuchaytirib beruvchi optik qurilmalar – durbin yoki teleskoplardan Quyosh tutilishini kuzatishga urinmang! Bu ko‘zlaringiz uchun juda xavfli. “Teleskopdan Quyoshga faqat ikki marta qarash mumkin – chap va o‘ng ko‘z bilan” degan hazilni eshitgandirsiz? Optik qurilmalar orqali Quyoshni kuzatish uchun ularga maxsus Quyosh filtrlari o‘rnatish kerak bo‘ladi.
Bu astronomik hodisani kuzatishga ishtiyoqingiz bo‘lsa, 26-dekabr kuni soat ertalabgi 8:00 dan keyin Mirzo Ulug‘bek maktabi yoniga boring. U yerda Astronomiya instituti xodimlari tomonidan ochiq kuzatuv tashkillashtiriladi, va siz qisman Quyosh tutilishini ko‘zingizga zarar yetkazishdan cho‘chimay kuzata olasiz.
Izoh (0)