XIX asr oxirida Fransiyada josuslik ishi bo‘yicha bir jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Kapitan Alfred Dreyfus Germaniya imperiyasiga muhim davlat sirlarini sotganlikda ayblanib qamoqqa olindi. Tarixda “Dreyfus ishi” deb nom olgan bu sirli jinoyat ishi Fransiyada 11 yil – 1894-yildan 1906-yilgacha davom etdi. Bu jinoyat ishi nega tarixda qoldi? Uning ahamiyati nimada? Bu haqda “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov hikoya qiladi.
1894-yil oxirida Fransiya armiyasi kapitani, politexnik, artilleriyachi, kelib chiqishi elzaslik yahudiylardan bo‘lgan Alfred Dreyfus davlat sirlarini Germaniyaga yetkazganlikda ayblanib qamoqqa olindi. Tergovdan so‘ng u Shayton oroliga surgun qilindi. Oilasi, jumladan, ayoli o‘sha kunning o‘zida bu haqda xabardor qilindi; ayol bu haqda hech kimga og‘iz ochmaslik bilan qo‘rqitildi. Bir og‘iz gap chiqadigan bo‘lsa, Yevropada urush chiqishidan ogohlantirildi. Butun Fransiya siyosat olamida Dreyfusga yomon ko‘z bilan qarash boshlandi.
Uning akasi Matye Dreyfus ukasining aybsizligini isbotlash uchun harakatlarini boshladi. Bu ishda yahudiy jurnalist Bernar Lazardan yordam so‘radi. Shu bilan birga, josuslikka qarshi bo‘linma boshlig‘i, polkovnik Jorj Pikar 1896-yilda Dreyfus aybsiz ekanini, haqiqiy aybdor qo‘mondon graf Ferdinand Velsin Esterhazi ekanini ma’lum qildi. Lekin armiya bosh shtabi bu ayblovni tan olmadi va Pikarni Shimoliy Afrikaga jo‘natib yuborish bilan ishni yopmoqchi bo‘ldi.
Dreyfusning aybini isbotlaydigan dalillar o‘ta zaifligiga e’tiborni tortish maqsadida uning oilasi masalaga 1897-yilda Senat vitse-prezidenti Avgust Shyerer Kestnerni jalb qildi. Sobiq deputat va jurnalist Jorj Klemanso ham Dreyfus tarafdorlari safiga qo‘shildi. Shu oyning o‘zida Matye Dreyfus graf Esterhaziga qarshi urush vazirligiga shikoyat arizasini yozdi. Shunday qilib, Dreyfus tarafdorlari safi kengaya bordi.
1898-yilning yanvar oyida Dreyfus ishiga milliy tus bergan ikki muhim voqea sodir bo‘ldi: Esterhazi konservatorlar va millatchilar olqishlari ostida oqlandi; adib Emil Zolya prezident Feliks For nomiga “Avrora” gazetasida ochiq xat e’lon qildi va buning natijasida ko‘plab ziyolilar Dreyfus tarafiga o‘tdi. Oddiy zobit atrofidagi tuhmat yahudiylarga qarshi kayfiyat, vatanparvarlik, millatchilik va bag‘rikenglik ideologiyalari to‘qnashuviga olib keldi.
Mamlakatning yigirmadan ortiq shahrida aksilsemit namoyishlar avj oldi. Aljer shahrida ko‘plab insonlar halok bo‘ldi. Hatto mamlakatga tinchlikni qaytarish maqsadida Dreyfus ishiga nuqta qo‘ymoqchi ham bo‘lishdi.
Armiya ishni yopishga har qancha harakat qilmasin, chuqur surishtiruvlardan so‘ng Dreyfusni qoralab chiqarilgan birinchi hukm kassatsiya sudi tomonidan bekor qilindi.
1899-yili Ren shahrida navbatdagi tribunal bo‘lib o‘tdi. Biroq Dreyfus ikkinchi bora ham aybdor deb topildi va o‘n yil muddatga qamoq jazosiga hukm etildi. Jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
Bir necha yildan so‘ng Dreyfus prezident Emil Lube tomonidan avf e’lon qilinishi natijasida ozodlikka erishdi. 1906-yilga kelibgina u aybsiz ekani to‘liq isbotlandi. Shundan so‘ng u reabilitatsiya qilindi hamda Fransiya armiyasiga qo‘mondon sifatida qayta kirib, Birinchi jahon urushida qatnashdi.
Kapitan Alfred Dreyfus 1935-yilda olamdan o‘tdi.
Dreyfus ishining kelib chiqish sabablari 1960-yillardan boshlab ochiqlana boshlangan bo‘lsa-da, bir asr davomida ko‘plab bahslarga sabab bo‘lib keldi. Josuslik haqidagi bu ishning maqsadi noma’lumligicha qolmoqda. Tarixchilar bir nechta taxminlarni ilgari sursa ham, barchasining xulosasi Dreyfusning aybsiz ekanini ko‘rsatadi.
Dreyfus ishining natijalari sanoqsiz. U fransuz jamiyati hayotining barcha jabhalariga ta’sir qildi. Siyosiy jihatdan bu ish Fransiya III respublika g‘alabasini mustahkamlab, uning mifologik asoschisiga aylandi hamda millatchilikni kuchaytirib yubordi. Harbiylar orasida yuz bergani uchun ham mamlakat harbiy sohasiga ta’siri katta bo‘ldi. Diniy taraflama esa Fransiyadagi katolitsizm islohoti hamda katoliklarning respublikaga integratsiyasi sekinlashishiga sabab bo‘ldi.
Ijtimoiy, yuridik, diplomatik, publitsistik va madaniy sohalarga ham ta’sir o‘tkazgan bu ish xalqaro miqyosda ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa aksilsemit namoyishlari dunyo sionistlari otasi Teodor Hersl va Yevropaning bir qator yahudiy jamoalari voqeaga g‘azab bilan qarashiga sabab bo‘ldi. Chunki yuqorida ta’kidlanganidek, Alfred Dreyfus kelib chiqishiga ko‘ra yahudiy edi.
XIX asr oxiri va XX asr boshida Fransiyani ikki qutbga bo‘lib yuborgan bu voqealar haqida o‘tgan asrda ko‘plab kitoblar, ilmiy maqolalar, badiiy asarlar yozilgan, ilmiy izlanishlar olib borilgan, badiiy va hujjatli filmlar ishlangan. Lekin Dreyfus oqlanganiga qaramasdan bu o‘tgan asr siyosat olamidagi eng sirli ishlardan bo‘lib qolmoqda.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)