O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov gazetalarning bugungi moliyaviy ahvoli haqida o‘z fikrlarini bildirib, ularning zamonga moslashishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda “Kun.uz” xabar berdi.
“Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar” munozara klubining navbatdagi tadbiri davomida agentlik direktori bugungi kunda nega internet jurnalistikasi gazetalarga nisbatan tezroq rivojlanayotgani haqidagi savolga javob berdi.
Komil Allamjonovning qayd etishicha, mazkur tafovut bugungi davr talabi hisoblanadi. Gazetalar ham sekin-sekin bunga moslashishga majbur. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir shunday jarayon ketyaptiki, gazeta jurnalistikasi internet jurnalistikasiga moslashishi kerak. Barcha gazeta tahririyatlariga internetga o‘tishni boshlash kerakligi haqida tavsiya berilmoqda.
Agentlik direktorining ta’kidlashicha, internetning auditoriyasi gazetaning auditoriyasiga qaraganda juda katta va har bir jurnalist o‘z materialini ko‘proq odam o‘qishini, ko‘proq tarqalishini xohlaydi.
Gazetalarning iqtisodiy ahvoli haqida gapirgan Komil Allamjonov bu bo‘yicha kuni kecha prezident qarori chiqqanini qayd etib o‘tdi. Bu masala bo‘yicha, umuman, bosma OAVning iqtisodiy ahvolini yaxshilash, ularning xodimlari oylik maoshini ko‘rib chiqish masalasida takliflar berish kerak.
Komil Allamjonovning ma’lum qilishicha, ayni paytda bosma OAVlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda, yangi jamg‘armalar joriy qilinyapti, ularning moliyaviy manbalari belgilanyapti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat avval gazetalarga majburiy obuna bilan yordam bergan. Majburiy obunaning hisobidangina gazetalar faoliyat yuritgan. Bugungi kunda esa faqatgina hozirgi davrga moslashish kerak, shundagina to‘g‘ri faoliyat olib borish mumkin.
Izoh (0)