O‘zbekiston Prezidenti “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
Qonunga muvofiq, tadbirkorlik subyektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan bir qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritildi.
Jumladan, Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, yuridik shaxs moliya-xo‘jalik faoliyati amalga oshirilmaganligi sababli harakatsiz rejimga o‘tkazilgan paytdan boshlab uch yil ichida faoliyat tiklanmagan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning qaroriga ko‘ra tugatilishi mumkin (NNTlar bundan mustasno).
Amaldagi tartibga ko‘ra, yuridik shaxs olti oy mobaynida (savdo va savdo-vositachilik korxonasi esa 3 oy mobaynida) moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmagan va (yoki) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab bir yil ichida ustav fondini shakllantirmagan bo‘lsa, sudning qaroriga muvofiq tugatiladi.
Shuningdek, yangi tartibga ko‘ra, yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektini ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risidagi e’lon ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Amaldagi kodeksda ushbu talab nazarda tutilmagan.
Ushbu qonun 2020-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.
Izoh (0)