Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati vakillari bilan hamkorlikda pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Tezkor tadbir davomida fuqaro A.T. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina Marg‘ilon shahri hududida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada avtomashina yukxonasi va salonida umumiy qiymati 55,8 million so‘mlik 558 000 dona pirotexnika vositasi borligi aniqlandi.

Hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Farg‘ona tumanida yashovchi fuqaro N.Sh.ning xonadoni belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv jarayonida ushbu xonadonda noqonuniy tarzda umumiy qiymati 69,6 million so‘mlik 571 254 dona pirotexnika vositasi saqlanilayotgani aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 1 129 254 dona pirotexnika vositasini respublika hududiga yashirincha olib kirishga bo‘lgan urinishning oldi olindi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.