Pop yo‘nalishi ijrochisi, raqqosa, qo‘shiqlar muallifi, aktrisa va Gremmi mukofoti sovrindori Britni Spirs bugun 38 yoshga to‘ldi.

Britni 1981-yilning 2-dekabrida Missisipi shtatining Makkomb shahrida tug‘ilgan. Onasi maktab o‘qituvchisi, otasi oshpaz bo‘lgan Britnining bolaligini baxtli o‘tgan deb bo‘lmaydi. Alkogolga ruju qo‘ygan otasining ko‘z o‘ngida onasini kaltaklaganini ko‘rib ulg‘aygani, ruhiy jarohatlar uning bugungi kunda sariq matbuot uchun shov-shuvli mavzuga aylangan psixologik depressiyalari sabablaridandir balki…

Foto: “Uznay vsyo”

Forbes’ning eng boy ayollari ro‘yxatida yetakchi bo‘lgan qo‘shiqchining bolaligida oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgani, ba’zida yegulik va uni xarid qilgani mablag‘ bo‘lmaganiga ishonish qiyin bo‘lsa ham bu haqiqat. Onasi Linn bu nochor vaziyatdan chiqish uchun qizlaridan umid qilgan va ularni turli kasting va tanlovlarga olib borgan.

Foto: “Uznay vsyo”/Britni ota-onasi bilan

Onasi barcha mahalliy tanlovlarda ishtirok etib bo‘lgan Britnini Atlantadagi mashhur “Mikki Maus klubi” nomli televizion shouga olib boradi va aynan ushbu shou uning karyerasining boshlanishi bo‘lgan. 8 yashar Britni Disney kanalidagi “Mikki mausning yangi klubi” shousining eng kichik ishtirokchisi bo‘ladi va u yerda bo‘lajak yulduzlardan Kristina Agilera va Jastin Timberleyk bilan tanishadi.

Foto: “Uznay vsyo”/Britni va Jastin

Keyinchalik Britni Manxettendagi Professional Performing Arts School’da aktyorlik mahoratidan ta’lim oladi. 1992-yilda, 10 yashar bo‘lajak yulduz Star Search (yulduzni izlab) nomli tanlovda g‘alaba qozonadi. 1998-yillar Spice Girls va Backstreet Boys singari  yigit va qizlardan iborat guruhlar modada bo‘lgan vaqtda Jive Records leybli Britnida katta salohiyatni ko‘radi. Bo‘lajak yulduz Backstreet Boys’ning prodyusseri bo‘lgan Maks Martin bilan tanishgach, Baby one more time albomini yozish uchun 4 oyga Shvetsiyaga ketadi va u yerdan haqiqiy yulduz bo‘lib qaytadi.

Foto: “Uznay vsyo”

Aslida Britni kattaroq yoshli tinglovchilarga mo‘ljallangan, Sheryl Crow singari  gitara chalib, mualliflik qo‘shiqlarini  ijro etishni rejalashtirgandi. Lekin prodyusserlari uni yosh tinglovchilar kumiriga aylanishini istadi. Sahnada pop-ritmni yaxshi his qilishi, vokal va raqs imkoniyatlari yuqoriligi prodyusserlar tanlovi to‘g‘ri bo‘lganini isbotlaydi.

Uning jarangdor ovozi, uslubi va raqsga tushishi muxlislar qalbidan joy ola boshladi. Shundan keyin Britni o‘nlab qo‘shiqlarni tinglovchilar e’tiboriga havola etdi. Qo‘shiqchining 1999-yildagi debyut Baby one more time albomi uni dunyoga tanitdi. 5 ta muvafaqqiyatli xitni o‘z ichiga olgan albom, katta rezonanslarga sabab bo‘ldi. Suratlari jurnal va gazetalar muqovasidan “Yil yangiligi” sifatida joy oldi, radio va televideniyedagi musiqiy chartlarni Britnisiz tasavvur qilib bo‘lmasdi. The Daily Yomiuri nashri  uni “O‘smirlar orasidagi eng iste’dodli qo‘shiqchi” sifatida e’tirof etgan bo‘lsa, Rolling Stone jurnali “Rok-n roll qirolichasi” deb atadi.

Foto: “Uznay vsyo”

2000-yilda muxlislar e’tiboriga havola etilgan Oops!...I Did it Again albomi Britnining Pop yulduz sifatidagi mavqeyining yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘ldi. 2001-yilda Britney nomli ikkinchi albom, oradan 2 yil o‘tib, uchinchi — In the zone albomi chiqarildi va albomdan o‘rin olgan Toxic singili uchun qo‘shiqchi Gremmi mukofotiga loyiq topildi.

Foto: Gotceleb

Greatest Hits: My Prerogative qo‘shiqlar jamlanmasi 2004-yilda, Blackout albomi 2007-yilda chiqqan bo‘lib, undagi Gimme More qo‘shig‘i butun dunyoda xit bo‘lgan. Piece of me qo‘shig‘i bir vaqtning o‘zida “Eng yaxshi pop qo‘shiq”, “Eng yaxshi ayollar videosi” va 2007-yilning “Eng yaxshi videosi” deb topilgan. 2008-yilda Britni yangi Circus albomini chiqaradi va undagi Womanizer singili Amerikaning eng mashhur qo‘shiqlaridan tuziladigan Billboard Hot 100 xit-paradida yetakchilik qilgan. Shundan keyin uning The  Singles collection, Femme Fatale, Britney Jean albomlari chiqqan.

Foto: Pinterest

Amerikaning ovoz yozish kompaniyalari assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Spirsning albomlari butun dunyoda 100 milliondan ortiq, plastinkalari 200 milliondan ortiq sotilgan. Debyut albomi bo‘lgan Baby one more time 30 million, Oops!...I Did it Again esa 26 million nusxada sotilgan bo‘lib, ilk haftada birgina AQShning o‘zida 1 319 193 nusxada sotilib, Ginnesning rekordlari kitobiga kirgan. Mana shu ikki albomdan keyin Britni so‘nggi 10 yilda eng ko‘p qo‘shiqlari sotilgan qo‘shiqchi, 2012-yilda  Forbes’ning eng ko‘p haq to‘lanadigan qo‘shiqchisi deb topilgan.

Foto: The place

Spirs nafaqat qo‘shiqchi, balki aktrisa sifatida ham yaxshi ma’lum. U bir qancha televizion shou va dasturlarda ishtirok etgan. 2002-yildagi “Chorraha” filmida u bosh rolni ijro qilgan. 2008-yilda u haqida biografik film suratga olindi. 2018-yilda yana bir bor Forbes’dan o‘rin olgan qo‘shiqchining yillik daromadi 30 million dollarni tashkil qiladi. 2019-yilda Britnining B10 deb atalishi tahmin qilinayotgan albomi chiqarilishi rejalashtirilgan.

Foto: “Uznay vsyo”