Namanganda muqaddam sakkiz marta sudlangan ayol yosh qizlarning taqinchoqlarini o‘g‘irlab, yana bir bor jinoyat sodir etdi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” axborot dasturida xabar berildi.
35 yoshli Odina yosh qizlarning qulog‘idagi zirakni o‘g‘rilash bilan shug‘ullangan. Jurnalistlar sud oldidan u bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.
“Qamalib kelganimdan keyin uydagilar qo‘yishmadi, shu bilan ko‘chada qolib ketdim. Uyim yo‘qligidan, qiynalib ketganimdan shu ishlarni qildim. Bolam och qolsa, qarab turmayman-ku”, — deydi sudlanuvchi.
Ta’kidlanishicha, ayol sobiq eridan bir nafar farzandi bilan ajrashgan, doimiy sargandorlikda yashagan, har gal qamoqdan chiqqach, bu yo‘lga qaytib kirmayman deydi.
“Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi tomonidan hozirgi kunga qadar 51 ayolga nisbatan 38 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Mazkur jinoyat ishlari tahlil qilinganida ularning orasida muqaddam sudlanganlar ham bor bo‘lib, bunga sabab Xotin-qizlar qo‘mitalari, mahallalar, probatsiya guruhlari tomonidan ishlanmaganidir. Ayol sakkiz marotaba Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘irlik) bilan sudlangan. Sinov muddati davrida Odina probatsiya guruhiga yuborilgan. Biroq pasporti yo‘qligi, bir necha bor hokimiyatga uchragani, ammo ular pasport olishga ham yordam bermaganligini, probatsiya guruhlari tomonidan u ishga joylashtirilmagani ma’lum bo‘ldi”, — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi sudyasi Sultonmaqsud Xolbotirov.
Odina Jinoyat kodeksining 25, 169-modda 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, unga 5 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Izoh (0)