Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YTTB) “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i aksiyadorlik kapitaliga 40 million dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritadi. Bu haqda tarmoq tomonidan xabar berildi.

Foto: “Korzinka.uz”

Sarmoya tarmoqning ayni paytdagi mavjud 50 ta supermarketi sonini 2025-yilga kelib 140 taga yetkazish, shuningdek, amaliyot samaradorligi va korporativ boshqaruv standartlarini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarishga yo‘naltiriladi.

“Korzinka.uz” tomonidan ma’lum qilinishicha, mazkur mablag‘lar O‘zbekistonda zamonaviy chakana savdo sohasini taraqqiy ettirishga katta turtki beradi. Kiritiladigan investitsiya tarmoqni kengaytirish, amaliyot hamda moliya ko‘rsatkichlarini yaxshilash bilan birga, loyiha atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatish, ijtimoiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, kompaniyada salomatlik va mehnat muhofazasi yo‘nalishlarida qabul qilingan ichki tartib va amaliyotlarni barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

Qayd etilishicha, “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i barcha zaruriy jarayonlar, shu jumladan, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari auditi, ekologik va ijtimoiy ekspertizadan o‘tgan. Mazkur ekspertiza YTTB va milliy qonunchilikning yuqori standartlariga ko‘ra kompaniyaning atrof-muhit, sog‘liqni saqlash, xavfsizlikka ta’siri boshqaruv tizimining talablariga muvofiqligini tasdiqladi.

Ta’kidlanishicha, bank bilan hamkorlik nafaqat sarmoyalar, balki YTTB ta’sischilarining maxsus jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan bir qator muhim texnik kooperatsiya loyihalari bilan birga yuritiladi.

O‘tkazilgan ekspertizalar natijasida “Moliyaviy hisobot va boshqaruvni takomillashtirish dasturi”, “Ta’minot zanjirida risklarni baholash”, “Korporativ boshqaruv bo‘yicha harakatlar rejasi” va boshqa ko‘plab muhim hujjatlar ishlab chiqilgan.

Ma’lumot uchun, “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i 1996-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, Anglesey Food kompaniyasi tarkibiga kiradi. Bugungi kunda O‘zbekistonning 9 ta hududidagi 50 ta “Korzinka.uz” va Korzinka.uz DISKONT supermarketlari tarmoq tarkibiga kiradi. Tarmoqning rivojlanishi natijasida 2016-yildan buyon 33 ta yangi supermarket ochilgan.