Bekmurza Dilanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod: “Bir sinfda 40 ta o‘quvchi bilan sifatli ta’limni talab qilolmaymiz”

Biz ilgari surayotgan fikrlardan biri ijtimoiy davlat g‘oyasidir. Ijtimoiy davlat deganda, ijtimoiy sohaga juda katta e’tibor qaratiladigan, fuqarolarning tengligi, ularning turli tabaqalarga ajralishiga yo‘l qo‘ymaydigan, umumfarovonlik ta’minlangan jamiyat tushuniladi.

Hattoki ayrim rivojlangan Yevropa mamlakatlarida davlatning ijtimoiy maqomi Konstitutsiya darajasida mustahkamlangan. Masalan, Germaniya Konstitutsiyasida uning ijtimoiy davlat ekanligi belgilangan.

Bizda mamlakatimizning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi asosiy qonunda ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ijtimoiy davlatlarnikidan kam emas. O‘n yillardan buyon har yili davlat budjeti mablag‘larining ellik foizdan ortig‘i ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilayotganining o‘zi ham buni yaqqol isbotlaydi.

Fikrimizcha, ijtimoiy soha, ayniqsa, ta’lim sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori yanada oshirilishi zarur. Chunki sifatli ta’limsiz, yetuk kadrlarsiz buyuk kelajakni tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu jihatdan biz parlament a’zolari kelgusi yil davlat budjetini tasdiqlashda bu masalaga alohida e’tibor qaratmog‘imiz zarur deb hisoblaymiz.

Konstitutsiyamizda fuqarolarga ta’lim olish huquqi berildimi, endi uni ta’minlash choralari ko‘rilishi lozim. Maktabgacha ta’lim muassasalarining soni yetarli bo‘lmasa yoki maktablarda bir sinfda 40 ta o‘quvchi siqilib o‘tirsa yoxud oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi atigi o‘n foiz atrofida bo‘lsa, qanday qilib sifatli ta’limni, malakali kadrlarni talab qilamiz? Davlat ijtimoiy maqomini shu o‘rinda ko‘rsatishi zarur. Ta’lim uchun yetarli sharoitlar yaratilishi shart.

Oysuluv O‘roqova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod: “Bizga adolatli qonunlar kerak”

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi navbatdagi saylovlarda mamlakatimiz taraqqiyoti hamda xalqimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgan yuzdan ortiq muhim tashabbuslar qatorida huquqiy ijtimoiy davlat barpo etish g‘oyasini ilgari surmoqda.

Huquqiy davlat bu – qonun hukmron bo‘lgan, inson huquq va erkinliklari oliy qadriyat sifatida tan olingan va amalda u ta’minlangan, boshqaruvda xalqning xohish-irodasi hisobga olingan, hokimiyat vakolatlari o‘zaro tiyib turish va muvozanatni saqlash asosiga qurilgan demokratik makondir. Huquqiy davlatda oliy qadriyat insondir. Barcha islohotlar inson manfaatlari, uning farovon hayot kechirishiga qaratilgan bo‘lishi lozim.

Demak, eng asosiy va muhim masala bu inson huquq va erkinliklarini ta’minlash ekan, bu yo‘nalishda oldimizda qanday vazifalar mavjud? Fikrimizcha, eng avvalo, adolatli qonunlar, adolatli huquqiy tartibga solish mexanizmi joriy etilishi lozim. Bu o‘rinda, ustuvor masala jamiyatdagi eng muhim ijtimoiy munosabatlarni qonun bilan tartibga solinishiga erishmog‘imiz darkor. Hozircha afsuski, bu borada erishilgan natijalarimizni ijobiy deya olmaymiz. Chunki huquqiy tartibga solish maydonida qonunlardan ko‘ra, qonun osti hujjatlarining soni va salmog‘i katta. Qonun parlament tomonidan qabul qilinadi. Parlamentda xalqning xohish-irodasini ro‘yobga chiqaradigan vakillar faoliyat olib boradi. Mohiyatan, qonun xalqona, umummanfaatni o‘zida aks ettirgan, oliy yuridik kuchga ega hujjatdir.

Dilmurod Ismoilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod: “Narxlar isbotsiz oshirilmasligi kerak”

Adl daraxtini ko‘rganmisiz? Mutaxassislarning aytishicha, uni qirgami,qiyalik joygami, sayxonlikkami, qayerga ekishsa ham, faqat to‘g‘ri o‘sar, uning qaddini bukishga qaysar tabiatning ham kuchi yetmas ekan. Shuning uchun ham, odamlar azal-azaldanoq o‘zlarining umr yo‘llari, ishlari, iqtisodiy, maishiy, ma’naviy hayotlari o‘sha daraxtdek to‘g‘ri, pok bo‘lishini istab, adolatni ardoqlashib, unga intilib yashashgan.

Bizning sotsial-demokratik partiyamiz o‘z nomini shunday deb ataganida, u o‘z oldiga jamiyatimizda ijtimoiy adolatning mustahkamlanishi, uning hayotimizning hamma jabhalarida ustuvor bo‘lishi uchun harakat qilishni maqsad qilib qo‘ygan va bu partiyamizning nizomi va dasturida eng asosiy vazifa etib belgilangan edi.

Hozir narxlar va tariflar, ahamiyat bering, moliya vazirligining deklaratsiyasiga binoan oshirilayapti. Nima uchun bu ish deklaratsiya asosida amalga oshirilayapti? Axir, deklaratsiya degani bayonot degan ma’noni beradi-ku! Unda esa bu ish nimaga asosan va qanday maqsadda amalga oshirilayotgani yo‘l-yo‘lakay isbotlanib emas, shunchaki qayd etilib ketilyapti, xolos. Bu vakolat Oliy Majlisga o‘tkazilgach, har gal narxlar va tariflar o‘zgarganida, bu tashabbus bilan chiqqan vazirlik, idora o‘z fikrini deputatlarga isbotlab berishi, hamma hisob-kitoblarni taqdim etishi, narxlarning va tariflarning oshirilishi xalqning real daromadlarining, turmush darajasining pasayib ketmasligini dalillab berishi shart ekanligi belgilab qo‘yilsa, yaxshi bo‘lardi.

Reklama huquqi asosida.