Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi o‘z ishini boshladi, deb xabar beradi O‘zbekiston hukumati portali.
Tadbirda dunyoning 11 davlati, jumladan, O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Yaponiya, Shvetsiya, Hindiston, Filippin, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan 80 dan ortiq taniqli ekspertlar ishtirok etmoqda.
Anjumanning birinchi kunida dastur bo‘yicha O‘zbekiston—Rossiya maxsus sessiyasi doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan ekspertlar ishtirokidagi yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Tadbir oldidan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov hamda “Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kengashi raisi Andrey Bistritskiy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida ikki davlat ekspertlari o‘rtasidagi hamkorlik, xalqaro va mintaqalararo tadqiqotlar sohasidagi aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi. O‘zbekiston intellektual doiralari vakillari bundan buyon “Valday” xalqaro munozara klubi tadbirlarida, shuningdek, kelajakda birgalikda amalga oshiriladigan maqsadli loyihalarda muntazam ishtirok etishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda “Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.
Izoh (0)