Noyabr oyining boshida Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi saytida Telegram va Superman tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha arizalar paydo bo‘ldi. Arizalar muallifi sifatda “Fikon” MChJ va toshkentlik Qurbonov E. ko‘rsatilgan. Bu haqda Spot xabar berdi.
O‘zbekistonda tovar belgilari uchun guvohnoma yetti oy ichida, biroq ariza berilganidan keyin olti oydan kam bo‘lmagan vaqt ichida beriladi. Guvohnoma o‘n yil davomida amal qiladi.
O‘zbekistonda joriy yilning 1-martidan boshlab tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibi joriy qilingan. Yangi tartibga ko‘ra, Intellektual mulk agentligi berilgan arizani bir ish kuni ichida o‘z saytiga joylashtiradi.
1-sentabrdan boshlab tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berish Davlat xizmatlari markazlari yoki Interaktiv davlat xizmatlari yagona portal orqali faqat elektron ko‘rinishda amalga oshiriladi.
Intellektual mulk agentligi tomonidan yuritiladigan baza.ima.uz saytida “Intellektual mulk” axborot-qidiruv tizimining ma’lumotlar bazasi joylashtirilgan. Saytda har kuni tovar belgilari, ixtirolar, EHM uchun dasturlar, foydali modellar, sanoat namunalari va boshqalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha arizalar e’lon qilinadi.