Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari hamda Prezident huzuridagi tadbirkorlar huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili tomonidan “Shinam qurilish jihozlari” savdo majmuasidagi “M.N.Q” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 156-157-do‘konida qisqa muddatli tekshiruv o‘tkazib, aniqlangan holatlar yuzasidan ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomasi tuzildi, deb yozadi “O‘zA”.
Majmuaning 53-54 hamda 95-do‘konida shunday jihozlar bilan savdo qiluvchi Farhod Umarov va Muxtor Nuraliyevlardan (ism va familiyalari o‘zgartirilgan) hujjatlar so‘ralganida, “M.N.Q” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ekanliklarini aytishib, soliq xodimlarini chalg‘itmoqchi bo‘lgan.
“Biznes-ombudsman”ning ruxsati bilan ushbu do‘konlar tekshiruvdan o‘tkazilganida, ikkovi ham hech qanday hujjatlarsiz tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotganligi aniqlanadi. “M.N.Q” rahbariyati Farhod Umarov va Muxtor Nuraliyevning jamiyatga umuman aloqasi yo‘qligini tasdiqlaydi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat olib borgan Farhod Umarovning 8 xil turdagi 40 million 821 ming so‘mlik qandil va yoritish jihozlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Shuningdek, Muxtor Nuraliyevning savdoga qo‘ygan 28 turdagi 34 million 457 ming so‘mlik qandil va xo‘jalik mollarining sotilishiga chek qo‘yildi.
Izoh (0)