Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari madaniy boyliklarni noqonuniy olib chiqilishi bilan bog‘liq yirik qonunbuzarlikka chek qo‘ydi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, “Sirdaryo” chegara bojxona postiga Lacetti avtomashinasida kirib kelgan fuqaro X.D.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e’tiborini tortgan. Shundan so‘ng avtomobil va uning tirkamasidagi yuklar haydovchi va xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.

Natijada, ushbu shaxs deklaratsiyada ko‘rsatilmagan va bojxonachilarning og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, Madaniyat vazirligining tegishli ruxsatnomasi bo‘lmagan, 32 dona turli ko‘rinishdagi haykal, bir dona ikona, bir dona xoch, 12 dona ko‘za hamda bir dona vazani yashirincha olib chiqmoqchi bo‘lganligi aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Badiiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu madaniy boyliklar XVII asr oxiri — XVIII asr boshlarida Xitoy hamda XIX asr oxiri va XX asr boshlarida G‘arbiy Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilganligi va ularning umumiy qiymati 2 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.