Tarmoqlarda Toshkentning Yashnobod tumani aholisi Xalq deputatlari Bo‘stonliq tuman Kengashi deputati, “Milliy tiklanish” partiyasidan bo‘lgan Kabul Dusov Maxtumquli ko‘chasidan 22-aviashaharchaga alohida o‘zi uchun kirish yo‘lini ochmoqchiligidan noroziligi tasvirlangan video tarqaldi.

Kadr: YouTube

“Deputat Dusov Maxtumquli ko‘chasidan 22-aviashaharchaga kirish uchun o‘ziga mo‘ljallab alohida yo‘l ochmoqchi. U 30-sonli turar joy binosining birinchi qavatini ofis qilib olgan. Aholining barchasi ushbu kirish yo‘liga qarshi. U yerda joylashgan bolalar maydonchasiga ham zarar yetgan. Barcha mas’ul shaxslar jim. Hamma ishlar aholining roziligi olinmasdan qilinyapti”, — deydi fuqarolardan biri.

15-oktabr kuni olingan videodan ko‘rish mumkinki, deputat Dusov “ZiL” mashinasiga ortilgan nimanidir o‘zi ko‘rsatgan joyga haydashni buyurmoqda. Bunga qarshilik ko‘rsatayotgan aholiga esa deputat qiziqqonlik bilan qo‘pol javob qaytarmoqda.

Hatto mashina qarshisida turgan bir fuqaroni itarib yuborishga ham uringan. Uni tinchlantirishga uringan mahalla faollariga ham e’tibor qaratmasdan, deputat shu yerda istiqomat qilishini va mashinani baribir haydatishini ta’kidlagan.

Avvalroq, Kabul Dusov ayollarning siyosatga aralashuvi mamlakat parokandaligiga olib kelishini aytgani bilan shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.