26—28-sentabr kunlari BMTTD doimiy vakili Matilda Dimovskaning Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurishi va tashrifi doirasida Orolbo‘yida qishloq rivojlanishiga ko‘maklashish loyihasi ishga tushirilishi haqda xabar bergandik.
BMTTD doimiy vakilining Qoraqalpog‘istonga tashrifi yakunlangani haqida O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotda aytilishicha, Matilda Dimovska tashrif doirasida Taxtako‘pir tumaniga, “Aydin jol” mahallasidagi ikkita inshootga hamda Mo‘ynoq tumaniga borgan va sog‘liqni saqlash masalalari bilan shug‘ullanuvchi hamjamiyat ko‘ngillilari bilan uchrashgan.
Shuningdek, 2018-yilda BMTTD ko‘magida tashkil etilgan “Hakim ata” qishloq fuqarolar yig‘inidagi “Ajiniyaz jaylaulari” yaylov kooperativi Dimovska tashrifining yana bir obyekti bo‘lgan.
Tashrif yakunida Matilda Dimovska Shumanay tumanida bo‘lib, mahalliy aholi uchun daromad manbalarini tashkil etishga yo‘naltirilgan loyihalar doirasida tashkil etilgan sutni qayta ishlash, hamda erkaklar poyabzalini ishlab chiqarish sexlari faoliyati bilan tanishgan.
Izoh (0)