Jak Shirak 1995—2007-yillarda, ikki muddat Fransiya prezidenti bo‘lgan. Bungacha ikki marta — 1974—1976 va 1986—1988-yillarda mamlakat bosh vaziri bo‘lgan. Ikkinchi bosh vazirlik muddatini Parij meri lavozimi bilan birga o‘tkazgan. U Fransiya poytaxtini 18 yil davomida boshqargan.

Shirak Ikkinchi jahon urushida yahudiylarning deportatsiya qilinishiga Fransiyaning daxldorligini birinchi bo‘lib tan olgani, shuningdek, AQShning Iroqqa bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani bilan tanilgan. Bundan tashqari, Shirak davrida Fransiya prezidentining vakolat muddati yetti yildan besh yilga kamaytirilgan.

Jak Shirak O‘zbekiston—Fransiya munosabatlarining mustahkamlanishiga ham katta hissa qo‘shgan. 1996-yil 24-aprel kuni Parijda UNESCO tomonidan tashkil qilingan Amir Temurning 660 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada shaxsan Jak Shirakning o‘zi ishtirok etgan hamda Amir Temurning 1402-yilda Fransiya qiroli Sharl Oltinchi nomiga yo‘llagan maktubini O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovga sovg‘a qilgan.