24-sentabr kuni Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetiga 2019/2020-o‘quv yilida o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun Orientation week haftaligi doirasida Welcome to the University nomli tadbir o‘tkazildi. “Daryo” vakillari ushbu tadbirda ishtirok etdi.
Tadbirda yoshlarni universitet faoliyati, maqsad va vazifalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimligi vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar va ularning ota-onalari qatnashdi.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, universitet rektori Aziz Abduhakimov belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, joriy yilda mazkur nufuzli ta’lim dargohiga o‘qishga qabul qilingan yoshlarni tabrikladi. Ularning o‘qishlariga muvaffaqiyat tiladi.
“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil iyun oyida Xitoyning Sindao shahrida o‘tkazilgan ShHT sammitida ilgari surgan g‘oyasi asosida o‘tgan yil tashkil etilgan universitetimiz mamlakatimizda xalqaro talablar darajasida turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi, – dedi Aziz Abduhakimov. – Bugungi kunda universitetimizda turizm sohasi uchun eng zarur va zamonaviy mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanmoqda. Qisqa vaqt ichida dunyoning o‘ndan ortiq davlatlaridagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydik. O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida ilk bor double degree (qo‘shma diplom) dasturi bo‘yicha hamkorlikda talabalarni o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Bu bizning talabalarimizga xorijiy davlatlardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish, malaka oshirish, tajriba o‘rganish imkoniyatini beradi”.
Shuni ta’kidlash kerakki tadbir rasmiyatchilikdan xoli, ancha qiziqarli o‘tdi. Uzundan-uzoq ma’ruzalar o‘rniga universitet talabalari tomonidan qiziqarli mavzularda chiqishlar tayyorlangan va bu tadbirga tashrif buyurgan mehmonlarga manzur bo‘ldi.
Ushbu universitet turizm sohasida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida mavjud bo‘lgan deyarli barcha xizmat turlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Ta’lim yo‘nalishlari uchta yirik ta’lim yo‘nalishlariga birlashtirilgan: iqtisodiyot fanlari, kommunikatsiya, gumanitar fanlar. Ushbu universitetda bugun faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar tarkibining 30 foiz xorijiy ilg‘or oliy ta’lim muassasalaridan kelgan xorijiy olimlardir.
Shuningdek, universitet 2019-yilning 3-sentabr kuni Creative Spark ta’lim bo‘yicha Britaniya kengashi granti doirasida “Ingliz klubi” ochilishi grantini yutib oldi.
Qisqa muddatli faoliyatiga qaramasdan, universitet tomonidan erishilgan boshqa yutuqlar ham alohida tahsinga sazovor:
1. Universitet o‘quv dasturlari iqtisodiyot real sektori talablaridan kelib chiqgan holda, UNWTO ekspertlari bilan hamkorlikda tuzilgan;
2. Universitetda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar qatorida Turistik gidlar butunjahon assotsiatsiatsiyasi (WFTGA) amaldagi a’zolari ham mavjud bo‘lib, ular tomonidan, Britaniya kengashi loyihasi doirasida salohiyatli ish beruvchilar fikrini inobatga olgan holda, gidlar professional standarti ishlab chiqilgan;
3. Universitet kengashi faxriy a’zolari orasida Sahid Group korporatsiyasi prezidenti Nugroxo Sukamdani, 2001–2004-yillar davomida Indoneziya prezidenti, davlat arbobi Dnax Permata Megavati Setavati Sukarnoputri xonim hamda Sochi davlat universiteti rektori Romanova Galina Maksimovnalar o‘rin olgan;
4. Universitet O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi tarixida birinchi bo‘lib double degree (qo‘shma diplom) dasturi bo‘yicha hamkorlikda talabalarni o‘qitish dasturini yo‘lga qo‘ydi. Hozirgi paytda talabalarni triple degree (uch tomonlama diplom) dasturi bo‘yicha o‘qitish dasturi loyihasi ustida ishlar olib borilmoqda;
5. “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetiga kirish mutaxassislik va ta’lim kursini tanlashdan boshlanadi. Ta’lim dasturini aniq yo‘nalishlarni belgilagan holda tanlash mumkin.
“Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti butun dunyo bo‘ylab joylashgan kompaniyalar, oliy ta’lim muassasalari va tadqiqot institutlari bilan hamkorlik qiladi, bu esa talabalarga, deyarli tekin ravishda, tanlangan ixtisoslik bo‘yicha xorijda ta’lim olish va malaka oshirish imkoniyatini beradi. Universitet Yevropa, Amerika, Janubi-Sharqiy Osiyoning eng nufuzli universitetlarida malaka oshirish, yozgi maktablarda ta’lim olish yoki ekzotik mamlakatlarda to‘rt hafta davomida ekspeditsiyaga jo‘nash imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, talabalar Erasmus+ dasturlarida qatnashib, stipendiya olish imkoniyatiga ega.
Bundan tashqari, universitet talabalik hayoti, bu faqatgina zerikarli ma’ruzalar va imtihonlar emas. Zamonaviy talabalar hayotida juda ko‘p qiziqarli, jo‘shqin, noan’anaviy narsalar bor. Bularning barchasi ushbu universitet talabalari hayotida bor.
Izoh (0)