Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatidagi maktablarning birida o‘quvchi qiz uchinchi qavat derazadasidan tushib ketganligi haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi “Daryo”ga rasmiy ma’lumot bergandi.

Foto: “Daryo”

Unda keltirilishicha, joriy yil 19-sentabr kuni soat 10:30 larda Izboskan tumanidagi 39-davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 11-“A” sinf o‘quvchisi Ismigul G‘aniyeva uchinchi soat informatika fanidan dars mashg‘uloti tugab, tanaffus vaqtida maktab binosining uchinchi qavatidagi zinapoya yonidagi derazada o‘tirgan holatida ehtiyotsizligi oqibatida boshi aylanib, baxtsiz hodisa sababli tushib ketgan.

Hodisa yuz bergan vaqtning o‘zidayoq o‘quvchi maktabning mas’ul xodimlari tomonidan Izboskan tumanidagi shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borilgan va birinchi yordam ko‘rsatilgan.

O‘quvchi bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida bergan og‘zaki ko‘rsatmasiga ko‘ra, hodisa yuz bergan vaqtda uning atrofida hech kim bo‘lmagan, unga nisbatan boshqa shaxs tomonidan qasd qilinmagan, o‘zini joniga qasd qilish maqsadida bo‘lmagan, boshi aylanib, ehtiyotsizligi oqibatida tushib ketgan. Hozirda uning salomatligi yaxshi.

Foto: “Daryo”

“Mazkur holat yuzasidan qizning ota-onasi bilan o‘tkazilgan suhbat natijasida ular tomonidan muassasa mas’ul xodimlariga nisbatan hech qanday e’tirozlari yo‘qligi, haqiqatan ham farzandlari I.G‘aniyeva baxtsiz hodisa sababli maktab binosining uchinchi qavatidan tushib ketganligi, farzandi muolaja olayotgan tibbiyot muassasasida doimiy nazoratda ekanligini bildirganlar”, — deyilgan edi xabarda.

Mazkur holatni o‘rganish maqsadida “Daryo” muxbiri Izboskan tumanida bo‘lib, surishtiruv olib bordi.

Maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Bobur Dolimovning aytishicha, maktab-internatida 6-sinfdan 11-sinfgacha 309 nafar o‘quvchi ona tili va ingliz tili fanlaridan chuqurlashtirilgan tartibda tahsil oladi. Muassasa o‘quvchilari turli fan olimpiadalari, ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalarida faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishadi. Shu kunlarda maktab jamoasi 5 ta tashabbus bo‘yicha tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan ekan.

Bobur Dolimov. Foto: “Daryo”

— Tashqariga chiqib, bino atrofini ko‘zdan kechirayotsam, bir payt 11-sinf bolalari hamshirani so‘rashdi. Nimaga kerakligini so‘rasam, sinfdosh qizlaridan biri hushidan ketib qolganligini aytishdi. Har bir o‘quvchiga javobgar bo‘lganimiz uchun nima bo‘lganligini bilish maqsadida bolalar aytgan joyga ketayotganimda uni darvoza tomonga olib chiqishayotgandi. “Tez yordam”ni kutmasdan o‘zimiz olib borishga harakat qildik. Qizning uchinchi qavatdan tushib ketganligini yo‘lda bildim. Shoshilinchga tashlab kelgandan keyin sinfdoshlari bilan ham gaplashdim. Ular voqea qanday yuz berganidan bexabarligini aytishdi. Ushbu holat yuzasidan tuman prokuraturasi va ichki ishlar bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Aslida birinchi qavatda o‘qiymiz. O‘sha kuni jadvalga ko‘ra uchinchi soatimiz informatika edi. Informatika xonasi uchinchi qavatda joylashgani uchun tepaga chiqdik. Dars ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Hammamiz xursand edik. Tanaffusga chiqqanimizda Ismigul o‘zini yomon his qilayotganini aytib, deraza oldiga borib turib oldi. Keyingi darsga tayyorgarlik ko‘rish uchun biz pastga tushib ketdik, u esa yolg‘iz qoldi. Hech qancha vaqt o‘tmasdan shum xabarni eshitdik va oldiga yugurdik”, — deydi sinfdoshi Barchinoy Umaraliyeva.

Sayyora Abdulahadovaning aytishicha, uch yildan buyon ushbu sinfga rahbarlik qilib keladi. 19 nafar o‘quvchining 5 nafari qizlar hisoblanar ekan.

Sayyora Abdulahadova. Foto: “Daryo”

— O‘quvchilarimning har birini doimiy nazorat qilib turaman. O‘sha kuni ham darslar boshlanishidan oldin xonaga kirib, bittama-bitta suhbat qilganman. Muammoli vaziyatni payqamagandim. Bundan tashqari, ularning o‘qishidan tashqari oilaviy sharoitiga ham alohida e’tibor qarataman. Ota-onalar bilan deyarli har hafta telefon orqali suhbatlashaman. Chunki oilasida tinchlik hukmron bo‘lgan farzandning bilim olish darajasi ham yuqori bo‘ladi. Voqea haqida ham men o‘quvchilarimdan eshitdim.

Nafisaxon Umarova. Foto: “Daryo”

“9—11-sinflar o‘smir yoshda ekanligini hisobga olib, ular bilan ko‘proq uchrashishga, ruhiyatini anglashga intilaman. Ismigul bilan hodisa yuz berishidan ikki kun avval ko‘rishganman. O‘shanda bitirgach, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz tili filologiyasi fakultetiga topshirishini, bunga qattiq tayyorgarlik ko‘rayotganligini aytgandi. Gaplaridan ruhan tushkun holatda emas, aksincha xursand ekanligi ma’lum edi”, — deydi maktab amaliyotchi ruhshunosi Nafisaxon Umarova.

Ismigulning onasi Gulasal opaning aytishicha, qizi o‘ziga kelganida holat qanday yuz bergani haqida aytib bergan. Unga ko‘ra, qizi maktabga kelishidan oldin tushkun kayfiyatda bo‘lgan. Dars vaqtida o‘zini yomon his qilgani tufayli tanaffusda zinapoya oldidagi ochiq turgan derazaga kelib toza havodan nafas olishga harakat qilgan. Shunda orqadan kimdir itarib yuborganga o‘xshagan. Shundan keyin nima bo‘lganini eslay olmaydi.

— 21-sentabr kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi viloyat bo‘limiga o‘tkazildi. Bugun tomografiya qildirdik. Lekin dam olish kuni bo‘lganligi sababli shifokorlar kelmadi. Holati qay darajada ekanligini ertaga, ya’ni dushanba kuni bilib olamiz”, — deydi Gulasal Hojiakbarova.

Qizning otasi Baxtiyor Hojiakbarov esa maktab mutasaddilarining e’tiborsizligidan, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ushbu hodisa yuzasidan tergov-surishtiruv ishlarini olib bormayotganligidan norozi ekanligini bildirdi.

— Xabarni eshitgan chog‘im tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga yugurdim. Ahvolini ko‘rgach, nima bo‘lganligini o‘rganish maqsadida maktabga yo‘l oldim. Borganimda tuman prokuraturasi va ichki ishlar xodimlari turgan ekan, kirgizishmadi. “O‘zimiz o‘rganamiz” deyishdi. Haqiqatan ham birinchi kuni prokuraturadan odam keldi. Ishni yopish maqsadida shekilli, hujjatlarga qo‘l qo‘yib berishimni iltimos qildi, unamadim. Undan keyin hech kimni uchratmadim. Yashirishgani bilan baribir oxiriga yetishlarini talab qilaman.

O‘tgan o‘quv yili davomida o‘qituvchilari unga nisbatan turli gap-so‘zlar, tuhmatlarni qilib, diqqat qilganini aytgandi. Qizim ancha-munchaga uyga gap olib keladiganlardan emas. Bu yil bunday holatlar bo‘lgan yoki bo‘lmaganini hozircha eshitganim yo‘q. Shu sababli holatni baxtsiz hodisa deb to‘laqonli taxmin qilolmayman. Qizimni qanday jo‘natgan bo‘lsam, shunday sog‘lom holatda qaytarib berishlarini talab qilaman. Agarda maktabdan tashqarida bo‘lganida da’voyim bo‘lmasdi, — deydi Baxtiyor Hojiakbarov.

Guvoh bo‘lganingizdek, tomonlarning fikri turlicha yangramoqda. Qizning uchinchi qavatdan tushib ketishi maktab mutasaddilari aytganidek, baxtsiz hodisami yoki o‘zi bildirayotgandek, kimdir uni itarib yuborganmi? Ushbu savollarga tuman prokuraturasidan yakuniy javobni, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidan esa tahlil natijalarini kutib qolamiz.