VpnMentor kompaniyasining tadqiqotchilari Mayamidagi himoyalanmagan serverda Ekvador fuqarolari haqida jami 20,8 million qaydga ega ma’lumotlar bazasini topdi (Mamlakat aholisining soni 16,6 millionni tashkil etadi). Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

Foto: Niebakraj

Qaydlarda shaxsni tasdiqlovchi milliy raqamni anglatuvchi “cedula” qatori borligini hisobga olgan nashr taxminiga ko‘ra, 2019-yil uchun ham yangilangan ma’lumotlar Ekvador hukumat reyestridan o‘g‘irlangan.

U yerdagi axborotlarda fuqarolarning ismi, jinsi, tug‘ilgan sanasi va joyi, uy manzili, elektron pochtasi, telefon raqamlari (uy, ish va mobil), oilaviy ahvoli, nikohdan o‘tgan sanasi, vafot etgan sanasi, tahsil olganlik bo‘yicha ma’lumoti qamrab olingan.

Bundan tashqari qaydlarda qarindoshlar haqida, jumladan 6,8 million 18 yoshga to‘lmagan bolalar (orasida 2019-yilda tug‘ilgan 187 nafar chaqaloq haqida) to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud. Ayrim yozuvlarga (7 million) Biess bankining mijozlar haqidagi ma’lumotlari, shuningdek avtomobili bor fuqarolar haqidagi qaydlar (2,5 million) qo‘shib qo‘yilgan.

Bazada Ekvador prezidenti Lenin Morena hamda siyosiy boshpana so‘ragan WikiLeaks asoschisi Julian Assanj (unga guvohnoma rasmiylashtirilgan) haqidagi axborotlar ham bor.

Tadqiqotchilarning fikricha ma’lumotlarning manbasi Novaestrat kompaniyasi bo‘lishi mumkin. VpnMentor mutaxassislari firma bilan bog‘lana olmadi, lekin Ekvador kompyuter hujumlari monitoringi va ularga qarshi kurash markazi berilgan xabardan keyin ma’lumotlar bazasiga kirish yo‘lini yopib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.