Turkmanistonning Ashxobod, Dashoguz hamda Turkmanboshi shaharlarida bank kartalaridan pulni naqdlashtirish ancha yaxshilandi, deb xabar beradi Turkmen.news.
“Hozirda bankomatlarda navbatlar kamaygan, naqd pul barchaga yetmoqda”, — deyiladi xabarda.
Mamlakat aholisi buni mustaqillik bayrami yaqinlashayotgani bilan bog‘lamoqda. 2018-yildan buyon Turkmaniston mustaqilligi kuni 27-sentabrda nishonlanadigan bo‘lgan. Shunga qaramay budjet tashkilotlari ishchilari hamon avgust oyi uchun maosh olmagan. Ularning aytishicha, 10-sentabrdan keyin bir yo‘la ikki oy — avgust va sentabr uchun maoshlar o‘tkazib beriladi.
19-avgust kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Markaziy bank rahbari Merdan Annadurdiyevga hayfsan berib, qisqa muddat ichida naqd pul yechib olish bo‘yicha vaziyatni to‘g‘rilash topshirig‘ini bergandi.
Turkmaniston bankomatlarida naqd pul yetishmovchiligi 2016-yilning sentabridan buyon davlat xodimlarining maoshlari, pensiya va yordam pullari naqdsiz ko‘rinishda berilganidan so‘ng boshlangan edi. Odamlar kechasi bilan navbatlarda qolib ketgani ham kuzatilgan.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatda plastik kartalar orqali to‘lovlarni amalga oshirishning hamma joyda ham imkoni yo‘q: birinchidan, sotuvchilarga bundan foyda yo‘q, ikkinchidan, Turkmanistonning barcha hududida ham internet-aloqa yaxshi emas.