Janubiy Koreya va KXDR rasmiylari kelgusida Yevroittifoqqa o‘xshash iqtisodiy tuzilmaga asos solishi mumkin. Bu haqda Janubiy Koreya prezidentining diplomatiya va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mun Chjon In ma’lum qildi.
Uning aytishicha, ikki Koreya ittifoqi yaqin 10—15 yil ichida barpo etilishi mumkin.
“Buning uchun ma’lum muddat talab etiladi, chunki Shimol o‘z mohiyatiga ko‘ra Janubdan sezilarli darajada farqlanadi. Shuningdek, AQSh va Xitoyning KXDR bilan bog‘liq munosabatlarini hisobga olish zarur. Pxenyanga qarshi xalqaro iqtisodiy sanksiyalarni ham yoddan chiqarmaslik lozim”, — dedi Mun Chjon In.
Maslahatchi birlashuvning dastlabki bosqichida ikki siyosiy tuzum va ikki mustaqil hukumat saqlab qolinishi ko‘zda tutilayotganini bildirdi.