Qashqadaryo viloyatidagi rahbarlar Shahrisabz shahar va tumanida yashovchi 13 nafar chin yetim bolani otaliqqa oldi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Ahror Sodiqov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, endilikda viloyatdagi boquvchisini yo‘qotgan va yaqinlari qaramog‘ida yashayotgan yoshlar to‘rtta sektor va tashkilot rahbarlari tomonidan otaliqqa olinadi. Bu xayrli amalni viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev 29-avgust kuni Shahrisabz shahrida mustaqillikning 28 yillik tantanalariga bag‘ishlangan tadbirda boshlab bergan.
— Prezidentimiz “Yoshlar bilan teng bo‘lib, ular qalbidagi, yuragidagi o‘y-fikrlar, maqsad-muddaolar, kerak bo‘lsa, ushalmay turgan niyatlari bilan yaqindan tanishishni o‘z faoliyatimning eng muhim jihati deb bilaman”, deya ta’kidlaganliklari ham bejizga emas. Shunday ekan, biz rahbarlar ham yoshlarimizning taqdiriga befarq qarash fikridan yiroqmiz. Ayniqsa, boquvchisini yo‘qotgan bolajonlar, yoshlar har tomonlama ko‘makka muhtoj. Ularni sektor rahbarlari otaliqqa olib, ta’lim olishlariga, moddiy va ma’naviy masalalariga ko‘maklashadi, — deb ta’kidlagan viloyat hokimi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda yoshlarning qiziqishlariga qarab sektor rahbarlari va boshqa viloyat tashkiloti rahbarlari otaliqqa olgan.
— Ichki ishlar xodimi bo‘lishni orzu qilardim. Bugun viloyat IIB boshlig‘i Dilshod Tursunboyev ushbu orzumning amalga oshishi uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Men esa a’lo baholarga o‘qib, odobli bola bo‘lishim kerakligini ta’kidladi. O‘rtog‘im Nodir esa hokim bo‘lmoqchi. Uni viloyat hokimi otaliqqa oldi, — deydi o‘quvchi Jahongir Usmonov.
Ma’lumot o‘rnida, tadbirda viloyat hokimi 1 nafar, viloyat IIB boshlig‘i 5 nafar, soliq inspeksiyasi boshlig‘i 2 nafar hamda viloyat prokurori 1 nafar bolani otaliqqa olgan.
Qolaversa, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Jo‘rayev 1 nafar, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Tursunov esa 3 nafar bolani o‘z qaramog‘iga olgan.
Izoh (0)