Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 2019-yil 27-avgustdagi hal qiluv qarori bilan Nurxon Nafasovning Nurmuhumbet Iminov va boshqalarga nisbatan yig‘ilish bayonnomasi va qarorini, lavozimdan ozod qilish haqidagi buyruqni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vo arizasi qanoatlantirildi. Bu haqda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi “Daryo”ga ma’lum qildi.
O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining 2018-yil 26-sentabrdagi yig‘ilish bayonnomasi va qarori haqiqiy emas deb, Nurxon Nafasovni O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti lavozimidan ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi 2018-yil 27-sentabrdagi buyruq esa g‘ayriqonuniy deb topilgan.
O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining Nurxon Nafasovga nisbatan federatsiyaning 2018-yil 16-maydagi konferensiya qarori va 2018-yil 7-sentabrdagi lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi buyrug‘ini noqonuniy deb topish haqidagi qarshi da’vosi qanoatlantirishdan rad etilgan.
“Taraflarga sud qaroriga nisbatan chiqarilgan kunidan boshlab 20 kun ichida apellyatsiya shikoyati yoki apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan va qaror qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran 6 oy ichida kassatsiya tartibida shikoyat berish mumkinligi tushuntirilgan”, — deyiladi sud axborotida.
Eslatib o‘tamiz, Nurxon Nafasovning O‘zbekiston karate milliy federatsiyasidagi faoliyatiga qarshi chiqishlar 2018-yil kuzida boshlangan edi. Keyinchalik O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan Nurxon Nafasov haqida tegishli organlar tomonidan tasdiqlanmagan, asossiz xabarlar tarqatilgan edi.
Qayd etish joiz, Nurxon Nafasov 2018-yil may oyida — 12 yillik tanaffusdan so‘ng yana O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi rahbariga aylangan edi.
Izoh (0)