“Ijtimoiy masalalarni hal etishda ayollarning roli, innovatsiyalar va aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi eng yaxshi maqola uchun jurnalistlar o‘rtasida tanlov o‘tkazilishi e’lon qilindi. Bu haqda “Daryo”ga tanlov tashkilotchilari ma’lum qildi.
Ushbu tanlov “Sabr” ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi va DVV O‘zbekistondagi filiali (DVV International) tomonidan Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash parlament komissiyasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi ko‘magida o‘tkaziladi.
Tanlovning maqsadi jamoatchilik e’tiborini gender tengligi, ayollarning rasmiy va norasmiy ta’lim olishi, ayollarning daromad manbalaridan foydalanishini kengaytirish, qishloq ayollarida mikrotadbirkorlik va o‘zini-o‘zi band qilishni rivojlantirish, zaif oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga jalb etishdan iborat.
Tanlovning vazifasi esa jurnalistlarning gender tengligi hamda ijtimoiy masalalarni hal etish va innovatsiyalarda ayollar roli sohasidagi professional faoliyatining sifatini oshirishga, publitsistik va axborot materiallari siklining paydo bo‘lishiga hamda OAV ishtirokidagi ijtimoiy loyihalarni rivojlantirishga ko‘maklashishdir.
Tanlov ishtirokchilari alohida mualliflar, ijodiy jamoalar va guruhlar, OAVni taqdim etuvchi tahririyat jamoalari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z materiallarini chop etuvchi blogerlar bo‘lishi mumkin.
Tanlovga taqdim etiladigan maqolalar 2019-yilning 1-iyulidan 2019-yilning 10-oktabrigacha chop etilgan bo‘lishi lozim. Hakamlar hay’ati I, II, III o‘rinlarni egallagan g‘oliblarni aniqlagan holda tanlovga yakun yasaydi. Tanlovda qatnashish uchun arizalar va maqolalarni 15-oktabrga qadar “sabrcenter@gmail.com” elektron manziliga “Tanlovga” degan yozuv bilan jo‘natish zarur.
Hakamlar hay’atining tarkibiga “XXI asrning ijtimoiy muammolarini hal etishda Markaziy Osiyo ayollarining roli” Xalqaro forumi tashkilotchilari vakillari kiradi.
I o‘rinni egallagan g‘olib yirik xalqaro forumga, mavzu bo‘yicha konferensiyaga safar bilan mukofotlanadi. II va III o‘rin sohiblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Tanlov yakunlari 2019-yil 31-oktabr kuni “XXI asrning ijtimoiy muammolarini hal etishda Markaziy Osiyo ayollarining roli” xalqaro forumi chog‘ida e’lon qilinadi.
Izoh (0)