24-avgust kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi mas’ul xodimlari Qoraqalpog‘iston ilm-fanini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonlarini yanada jadallashtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat safarida bo‘lib qaytdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Xizmat safari natijalariga ko‘ra, qoraqalpog‘istonlik 20 nafar yosh olim Belarus Respublikasining nufuzli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida stajirovka o‘tash uchun tanlab olindi. Qoraqalpog‘iston davlat universiteti, Qoraqalpog‘iston davlat pedagogika instituti, Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi ilmiy-tadqiqot institutlarining 20 nafar yosh olimi joriy yilning sentabr va oktabr oylarida Belarusda qisqa muddatli ilmiy stajirovka o‘taydi.
Shu paytga qadar, O‘zbekiston—Belarus ilmiy-texnikaviy hamkorlik doirasida 100 nafardan ortiq yosh olimlar va 30 nafar oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori va ilmiy-tadqiqot institutlarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosari Belarus Milliy Fanlar akademiyasi va Belarus Respublikasi Ta’lim vazirligining ixtisoslashgan tashkilotlarida ilmiy stajirovka o‘tadi. Stajirovkaga borib kelgan mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasi va Belarus davlatlari o‘rtasida ilg‘or tajriba almashish hamda ilmiy aloqalarni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan ilmiy stajirovkalar yuqori darajada tashkil etilganini qayd etdi.
Ta’kidlash joizki, Belarus ilmiy ishlanmalari bugungi kunda mashinasozlik, uskunasozlik, energetika, mikrobiologiya, tibbiyot, farmatsevtika va boshqa sohalarda muvaffaqiyatli joriy etib kelinmoqda. Resurs tejovchi va energiya samaradorligini ta’minlovchi texnologiyalar, sanoat biotexnologiyalari, nanomateriallar va yangi energiya manbalari, tibbiyot va farmatsevtika, axborot va aerokosmik texnologiyalar, ishlab chiqarish texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, ekologiya va atrof-muhitdan ratsional foydalanish kabi sohalar mamlakat innovatsion rivojlanishining ustuvor yo‘nalishi sanaladi.
Qoraqalpog‘istonga safar doirasida Nukus shahridagi Qoraqalpog‘iston davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi, O‘zR FA vitse-prezidenti Nagimet Ayimbetov, Qoraqalpog‘iston davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Izimbet Turdimambetov ishtirokida seminar tashkil etildi. Seminarda Innovatsion rivojlanish vazirligining Fan va ilmiy-texnik tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Otajonov ilmiy-texnik loyihalarni grant asosida moliyalashtirishning yangi tizimi va olimlarning maqolalarini xorijning nufuzli, impakt-faktori yuqori bo‘lgan ilmiy nashrlarida chop etishga ko‘maklashish uchun yaratilgan Proofreading xizmati haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi.
Izoh (0)