O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini aviatashuvlar tizimidagi mavjud muammolarni yechish yo‘li orqali ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2019-yilning 1-oktabridan “Qarshi”, “Nukus” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” darajasini qo‘llagan holda “Ochiq osmon” rejimi joriy qilinadi, “Buxoro” xalqaro aeroporti ham xorij fuqarolarini tashish uchun xuddi shunday erkinlikni qo‘lga kiritadi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar bermoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Tashish tizimini yaxshilashga ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i v.b. Zafarjon Vohidov “Ochiq osmon” rejimi bo‘yicha izoh berdi.
“‘Ochiq osmon’ bu xorijiy aviakompaniyalar uchun mamlakat havo yo‘llaridan foydalanish imkoni va shartlarini liberallashtirish va yengillashtirish demakdir. Ushbu rejim mamlakatga kelayotgan turistlar oqimni oshirish hamda uning mintaqaviy aviatsion xab sifatidagi salohiyatini oshirish uchun qo‘llaniladi. “Ochiq osmon” rejimi bozorni xalqaro aviakompaniyalarga mamlakat aeroportlari va ularning quruqlikdagi xizmatlari uchun ochadi. “Ochiq osmon”ning asosiy tamoyillari nafaqat tranzit parvozlar uchun huquq taqdim etish, balki hukumatning marshrutlar hamda aviakompaniyalarning narx hosil qilish va belgilash jarayonlariga aralashmaslik, shuningdek, samolyotlar va ularning quvvati turlariga doir cheklovlarning yo‘qligini ham anglatadi”, — deydi u.
Jahon tajribasiga ko‘ra, “Ochiq osmon” siyosatining qo‘llanilishi yo‘lovchi tashuvlarini o‘rtacha 35 foizga (usiz 8 foiz) oshirish imkonini berdi. Bu shuningdek, aviachiptalar narxini 20 foizdan 40 foizgacha pasaytirdi. Bundan tashqari, mazkur rejim o‘n minglab yangi ish o‘rinlarini yaratadi. Masalan, Avstraliya va Yangi Zelandiya o‘rtasidagi kelishuv 40 ming kishini ish bilan ta’minladi, Singapurdagi liberal havo rejimi 163 ming ish o‘rnini yaratdi.
Umuman olganda, bugunga kelib fuqaro aviatsiyasi dunyo miqyosida 63 million kishini ish bilan ta’minlamoqda va uning jahon YAIMdagi hissasi 3,5 foizni tashkil qiladi.
Ta’kidlash joizki, havo kengligidagi erkinlik fuqaro aviatsiyasining qator qoidalarini o‘zida jamlaydi va bu qoidalar bir mamlakat aviakompaniyasiga boshqa mamlakatning havo kengligiga kirish hamda uning hududiga qo‘nish huquqini beradi.
Mazkur qoidalar 1944-yilgi “Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi to‘g‘risida”gi konvensiyada qayd etilgan aviatsiya liberallashuv darajasi bo‘yicha murosalar natijasida shakllantirilgan.
Shu o‘rinda Zafarjon Vohidov “beshinchi havo erkinligi” tushunchasiga oydinlik kiritdi: “‘Beshinchi havo erkinligi’ aviakompaniyalarga o‘z mamlakatiga parvoz davomida to‘lov asosida yo‘lovchi va yuklarni bir xorijiy davlatdan boshqasiga tashish huquqini beradi, ya’ni beshinchi erkinlik nafaqat yo‘lovchilarni A nuqtadan B nuqtaga va A nuqtadan C nuqtaga (B nuqtada vaqtincha qo‘nish orqali), balki B nuqtadan C nuqtagacha va C nuqtadan B gacha ham (A->B->C) tashishni anglatadi. Yo‘lovchilarni eng avvalo B nuqtadan C nuqtagacha va C nuqtadan B gacha amalga oshiriluvchi parvozlar narxining qimmat emasligi ham o‘ziga jalb qiladi. Yo‘lovchilarning bir qismi faqat B nuqtagacha parvoz qilishi munosabati bilan aviakompaniyada B nuqtadan C nuqtagacha parvozda doim bo‘sh o‘rinlar bo‘ladi va aviakompaniya bu o‘rinlarni maksimal to‘ldirishga harakat qilib, buning uchun maxsus narxlarni qo‘llaydi. Bu holatda yo‘lovchi ko‘pincha kichik masofalarga B747/777, A330/A340 turdagi uzoq magistralli samolyotda aviaparvozni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi”.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Tashish tizimini yaxshilashga ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, “Ochiq osmon”ga asosan mahalliy aviakompaniyalari aholi va xorijiy sayyohlarning mavjud hamda ehtimoliy talablarini to‘liq qondira olmaydigan mamlakatlar qo‘shiladi.
“Masalan, Rossiya o‘zining Sochi, Kaliningrad va Vladivostok shaharlaridagi aeroportlari uchun “Ochiq osmon” siyosatini yuritadi. Isroil Al-Qudsdagi asosiy “Ben Gurion” aeroportida shu siyosatni muvaffaqiyatli yuritadi. Yevroittifoq mamlakatlari esa “Ochiq osmon” rejimini umumiy aviatsiya bozori ichida YeI mamlakatlariga teng imkoniyatlarni taqdim etish uchun qo‘llaydi. Xususan, Isroilning muvaffaqiyatli tajribasi bu siyosat oxir-oqibat - ham mahalliy aviakompaniyalar, ham butun bir mamlakat uchun yutuq bo‘lishini ko‘rsatadi. 2013-yildan 2017-yilgacha bo‘lgan davrda “Ben Gurion” aeroportidagi yo‘lovchilar oqimi 13 milliondan 20 million kishiga oshdi, aeroportning o‘zi esa dunyoning eng yetakchi aeroportlari ro‘yxatidan joy oldi”, — deydi Z.Vohidov.
Shuningdek, so‘nggi ikki yilda 12 aviakompaniyani jalb qilib, 12 yangi xalqaro marshrutni ochishga muvaffaq bo‘lgan Armaniston ham bunga misol bo‘la olishi qayd etildi. Bundan tashqari, MDH davlatlari muayyan shaharlari doirasida ham qisman ochiq osmon rejimi tajriba qilinmoqda. Mutaxassisning ta’kidlashicha, “Ochiq osmon” siyosatini yuritayotgan mamlakat o‘zining havo kengligi va aeroportlaridan foydalanish qoidalarini maksimal darajada soddalashtirishi, xizmatlar bilan bog‘liq xarajatlarni minimallashtirishi, ayniqsa, aviakerosinni raqobatbardosh narxlarda taqdim etishi lozim.
“Aviakompaniyalarning ma’lum bir mamlakatga parvoz qilish yo qilmasligiga doir qarorni qabul qilishida ikki asosiy omil ahamiyatga ega: aviayoqilg‘i narxi hamda aeroportlarda xizmat ko‘rsatish narxi. Bugungi kunda O‘zbekistondagi aviayoqilg‘i narxi hamda aeroport yig‘imlari stavkalari raqobatbardosh emas. O‘zbekiston Prezidentining yangi farmoni bilan mazkur muammo deyarli hal bo‘lgan, topshiriqni o‘z vaqtida, sifatli bajarishgina qolgan. Uzbekistan Airports AJga respublikaning xalqaro aeroportlari takliflari bo‘yicha norezident aviakompaniyalar uchun aeroportlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar stavkasi va yig‘imlarni mustaqil belgilash, aviatsiya yoqilg‘isi va yoqilg‘i-moylash materiallarini saqlash uchun zarur infratuzilmani kengaytirish va modernizatsiyalash huquqi berildi. Eng asosiysi, ular mahalliy yoki xorijiy aviayoqilg‘i va yoqilg‘i-moylash materiallarini yetkazib beruvchilar bilan mustaqil ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar imzolashi, shuningdek ularni mamlakatning xalqaro aeroportlariga reyslarni, shu jumladan tranzit reyslarni amalga oshirayotgan mahalliy va xorijiy aviakompaniyalarga sotishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qiladi Zafarjon Vohidov.
Eng muhimi, endi aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilinuvchi shaharlar bilan reyslarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor xorijiy aviakompaniyalar parvozlarni amalga oshirishga ruxsat olish uchun Transport vazirligiga, slot uchun esa Uzbekistan Airports AJga murojaat qilishadi. Shu bilan birga, Farmonda “Ochiq osmon” rejimini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha choralar ko‘rsatilgan. Xususan, joriy yilning oxiriga qadar hamkorlik aloqalari va parvozlar geografiyasini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining aviaqatnovlari to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuvlari inventarizatsiya qilinib, qayta ko‘rib chiqiladi.
“Ochiq osmon” rejimi joriy qilinishi bilan xorijiy sayyohlar soni sezilarli darajada oshishi kutilmoqda va ichki transport tashuvlarini yo‘lga qo‘yish zarurati yuzaga keladi. Ushbu masala yechimini topish hamda xalqaro aeroportlar yo‘lovchilariga qulay logistika yaratish maqsadida Transport vazirligiga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan hamkorlikda transport tarmoqlarini – mamlakat shaharlari hamda qo‘shni davlatlar o‘rtasida avtobus va temir yo‘l qatnovlarini ta’minlashga doir reja ishlab chiqish va amalga oshirish kutilmoqda. Bundan tashqari, “Qarshi”, “Nukus”, “Termiz” va “Buxoro” aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan uchish-qo‘nish yo‘lakchalari, nazorat-dispetcherlik punktlari, aeronavigatsion uskunalar va statsionar yer usti aloqa tarmoqlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.
““Ochiq osmon” rejimi mamlakat fuqaro aviatsiyasini mustahkamlash, aholining diversifikatsiyalangan va hamyonbop aviachiptalar hamda yuk tashuvlarga bo‘lgan o‘sib borayotgan talabini qondirish, shuningdek aviapark “yosharishi” hisobiga parvozlarning yuqori xavfsizlik darajasini ta’minlash imkonini beradi. Shu bilan birga, bu Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq o‘rtasidagi tranzit hisobiga parvozlar geografiyasini kengaytirish, aviachiptalar narxini sezilarli darajada pasaytirish, aviatashuvlar bozorida mahalliy kam byudjetli aviakompaniyalar rivoji, aviatsiya sohasidagi xalqaro boshqaruv kompaniyalarni jalb qilish va biznes-aviatsiyani rivojlantirishga turtki beradi”, — deya xulosa qiladi Tashish tizimini yaxshilashga ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i.
Izoh (0)